56,7 balldan kam to‘plaganlar ham super-kontraktda o‘qishi mumkinmi?


Javob: Ha, mumkin.

Buni biz shartli ravishda “super-muper kontrakt” yoki “giper kontrakt” deb nomlaganmiz. 56,7 balldan kam to‘plaganlar super-kontraktning 2 barobarini to‘lashi kerak.

Masalan, shartli ismi A.I. bo‘lgan abituriyent 2025 yilgi test sinovlarida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Yurisprudensiya yo‘nalishida 40 ball to‘plagan, ya’ni 56,7 balldan kam.

Yurisprudensiya yo‘nalishi uchun superkontraktning koeffitsiyent miqdori o‘tgan yili (2024 yilda) 19 etib belgilangan, yaʼni minimal bazaviy kontraktning (kontraktning stipendiyasiz holda hisoblangan qismi) 19 barobari super kontrakt summasiga teng bo‘ladi. 56.7 balldan kam to‘plagan abituriyent uchun giperkontrakt miqdori esa superkontraktning 2 barobar summasi bo‘ladi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti 2025/2026 o‘quv yili uchun kontraktlar miqdorini sezilarli ravishda oshirdi. Jumladan, Yurisprudensiya yo‘nalishi uchun 33 million 750 ming so‘m etib belgilandi. Demak, A.I. ismli abituriyent Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Yurisprudensiya yo‘nalishida taʼlim olishni istasa u kamida 1 milliard 282 million 500 ming so‘m (2x19x33.750.000) to‘lashi kerak bo‘ladi. Shuni hisobga olish kerak-ki superkontraktning koeffitsiyent qiymatlari bu yil oshishi ham mumkin yoki kamayishi ham mumkin. Aniq javoblarni yaqinda bilib olamiz.

Ayrimlar so‘ramoqda. Masalan, abituriyent 54 ball oldi. Kirish bali esa 57 ball bo‘ldi. Shunda 3 ball yetmagan bo‘lsa, 4 ballik shkala doirasida super-kontraktni kamaytirib to‘laydimi? Yo‘q va aslo yo‘q!

56,7 balldan kam to‘plandi, tamom, bundayda ikki karra ko‘proq super-kontrakt to‘lanadi. Kirish balliga qanchaga yetmaganining ahamiyatsiz.

Giperkontraktni koeffitsiyent yordamida yana-da osonroq hisoblash uchun, mana bu maqoladagi faylda ko‘rsatilgan miqdorlarni 2 ga ko‘paytirsangiz giperkontrakt narxi kelib chiqadi. 2024 yildagi bu qiymatlar, bu yil oshishi mumkin.

Odatda 15-oktabrgacha 100% to‘lov qilinganda beriladigan 10% lik chegirma giperkontraktga ham taalluqli.