My.oliygoh.uz My.oliygoh.uz Hujjat topshirish

O‘qishni boshqa OTMga ko‘chirishga qaysi holatlarda ruxsat beriladi?


Talabalar o‘qishini bir oliy ta’lim tashkilotidan boshqasiga ko‘chirish va o‘qishni qayta tiklash tartibi qonunchilik bilan belgilangan. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, o‘qishni ko‘chirish, avvalo, mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshiriladi.

Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda nazarda tutilgan.

Qaysi yo‘nalishga o‘qishni ko‘chirish mumkin?

Talaba boshqa oliy ta’lim tashkilotiga o‘tmoqchi bo‘lsa, birinchi navbatda uning amaldagi ta’lim yo‘nalishiga mos yoki turdosh yo‘nalish mavjudligi hisobga olinadi.

Agar tegishli hududdagi OTMlarda bunday ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lmasa, qonunchilikda belgilangan ayrim holatlarda turdosh bo‘lmagan yo‘nalishga ham o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilishi mumkin.

Turmush qurgan talabalar uchun qanday tartib mavjud?

Talaba turmush qurgan bo‘lsa, turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim tashkilotiga o‘qishini ko‘chirish yuzasidan murojaat qilishi mumkin.

Bu o‘qishni boshqa OTMga ko‘chirishga ruxsat beriladigan asoslardan biri hisoblanadi.

Davlat organi xodimining oilasi boshqa hududga ko‘chsa-chi?

Yana bir asos davlat organi xodimining ish joyi boshqa hududga o‘zgartirilishi bilan bog‘liq.

Agar davlat organi xodimining ish joyi tegishli vazirlik yoki idora tomonidan boshqa hududga ko‘chirilsa, uning:

  • turmush o‘rtog‘i;

  • yoki voyaga yetmagan farzandi

tegishli vazirlik yoki idora rahbarining tavsiyasi asosida o‘qishini o‘sha hududdagi OTMga ko‘chirish uchun murojaat qilishi mumkin.

O‘qishni qayta tiklash ham mumkin

Amaldagi tartibda faqat o‘qishni ko‘chirish emas, o‘qishni qayta tiklash masalalari ham nazarda tutilgan.

Bunda oliy ta’lim tashkilotlari, tizimida OTM mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar hamda O‘zbekiston ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tegishli vakolatlar doirasida qaror qabul qilishi mumkin.

O‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash masalasi har bir holatda talabgorning hujjatlari, ta’lim yo‘nalishlari mosligi va qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.