My.oliygoh.uz My.oliygoh.uz Hujjat topshirish

OTM va yo‘nalishni 8-avgustgacha tanlamaganlar mandatda qatnashmaydi (talaba bo‘la olmaydi)


2026/2027-o‘quv yili uchun kirish test sinovlarida qatnashgan abituriyentlar 8-avgustga qadar, shu kuni ham, oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishlarini tanlashi kerak.

Belgilangan muddat ichida tanlovini amalga oshirmagan yoki ma’lumotlarini SMS-kod orqali tasdiqlamagan talabgor yakuniy tanlovda qatnashmaydi va talabalikka tavsiya etilmaydi. Yo‘nalish tanlash jarayoni 25-iyulda boshlangan bo‘lib, 8-avgust kuni yakunlanadi.

OTM tanlash qanday amalga oshiriladi?

Abituriyent my.uzbmb.uz platformasidagi “Oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul” bo‘limiga kiradi.

Shundan so‘ng:

  1. “Xizmatdan foydalanish” tugmasi bosiladi;
  2. “OTM tanlash” bo‘limiga o‘tiladi;
  3. tanlov ustuvorligi belgilanadi;
  4. maqsadli qabul bo‘yicha tanlov amalga oshiriladi;
  5. OTM, yo‘nalish va ta’lim shakli tanlanadi.

Talabgor faqat test topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos yo‘nalishlarni tanlashi mumkin.

Nechtagacha yo‘nalish tanlash mumkin?

Abituriyent beshtagacha OTM va bakalavriat ta’lim yo‘nalishini ko‘rsatishi mumkin.

Tanlovlarni:

  • bitta OTM doirasida;
  • yoki turli oliy ta’lim muassasalari orasidan

shakllantirishga ruxsat beriladi. Har bir yo‘nalish uchun tegishli ta’lim shakli ham alohida tanlanadi.

Tanlovni tasdiqlash shart

Yo‘nalishlar kiritilgach, “Saqlash” tugmasi bosiladi. Shundan keyin abituriyentning telefon raqamiga SMS orqali tasdiqlash kodi yuboriladi.

Kod tizimga kiritilgandan keyingina tanlov tasdiqlangan hisoblanadi. Tasdiqlash yakunlangach, abituriyent tanlagan OTM, yo‘nalish, ta’lim shakli va ustuvorlik aks etgan “Abituriyent qayd varaqasi” shakllanadi.

Tanlovni o‘zgartirish mumkinmi?

Abituriyent 8-avgustga qadar:

  • OTM va yo‘nalishlarini;
  • ularning ketma-ketligini;
  • ta’lim shaklini;
  • tanlov ustuvorligini

o‘zgartirishi va qayd varaqasini qayta yuklab olishi mumkin.

Muddat yakunlanganidan keyin tanlov ma’lumotlarini tahrirlash imkoniyati yopiladi.

Yakuniy mandat natijalari yo‘nalish tanlash bosqichi to‘liq tugaganidan keyin bir hafta ichida e’lon qilinishi rejalashtirilgan.