Super-kontrakt endi OTMda belgilanadi: narxlar universitetlarga qarab farqlanadi


Navbatdagi o‘quv yilida ham tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (super-kontrakt) miqdorlari OTMlar kesimida turlicha bo‘lishi kutilmoqda. Buning sababi — super-kontrakt miqdorini belgilash vakolati endi Davlat qabul komissiyasidan olinib, oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori)ga berildi.

Hukumat qarori bilan **“Oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom”**ga o‘zgartirish kiritildi. Xususan, Nizomning 74-bandida “Davlat komissiyasi” iborasi “oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori)” iborasi bilan almashtirildi.

Yangi tartibga ko‘ra, kirish imtihonlarida (test, kasbiy yoki ijodiy imtihon) belgilangan minimal balldan past bo‘lmagan, ammo qabul parametrlari doirasida hamda qo‘shimcha qabul orqali talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar o‘qish istagini bildirsa, birinchi o‘quv yilida amaldagi bazaviy kontraktga nisbatan rektor belgilaydigan tabaqalashtirilgan miqdorda to‘lov qilish sharti bilan o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘ladi.

Avvalgi tizimda (ayrim moliyaviy mustaqil OTMlardan tashqari) super-kontrakt narxlari ta’lim yo‘nalishlari kesimida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanar, shu bois universitet har xil bo‘lsa ham yo‘nalish bir xil bo‘lsa, narx bir xil bo‘lardi. Masalan, 2024/2025 o‘quv yilida boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishiga super-kontrakt bilan kirishda (turli universitetlarda o‘qilsa ham) amalda bir xil barobardagi kontrakt qo‘llangan.

Amalda esa 2025/2026 o‘quv yilida ham super-kontrakt miqdorlari OTM rektorlari (direktorlari) tomonidan belgilangan edi. OTMlar 2025-yil 25-sentyabrga qadar bakalavriat yo‘nalishlari va ta’lim shakllari kesimida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdorlarini tasdiqlab, rasmiy saytlarida e’lon qilgan.

Shuningdek, o‘tgan yili qabul chegarasiga 4,05 balldan ortiq yetmagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdori bazaviy kontraktning kamida 3 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilandi. Shu sababli o‘tgan o‘quv yilidayoq super-kontrakt miqdorlari OTMlar bo‘yicha farqlangan.

Endi ushbu amaliyot hukumat qaroridagi o‘zgartirish orqali mustahkamlanib, har yili tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorini OTM rektorlari (direktorlari) tasdiqlashi belgilandi. Bu esa abituriyentlar uchun muhim xulosa beradi: bir xil yo‘nalish bo‘lsa ham, super-kontrakt miqdori universitetga qarab farq qilishi mumkin.