Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan O‘zbekistondagi davlat OTMlarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari 19 va 20-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
Testlar har ikki kuni ikki smenada tashkil etiladi:
- 1-smena — 08:00 dan 11:00 gacha;
- 2-smena — 15:00 dan 18:00 gacha.
Imtihon hududiga qachon kelish kerak?
Talabgorlar test boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin imtihon hududiga yetib kelishi kerak.
Bunda:
- 1-smena ishtirokchilari soat 07:30 ga qadar;
- 2-smena ishtirokchilari soat 14:30 ga qadar
barcha tekshiruvlardan o‘tib, o‘zlariga ajratilgan joyga joylashgan bo‘lishi lozim.
Talabgor o‘zi bilan:
- pasport yoki ID karta;
- o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovi ruxsatnomasini
olib kelishi kerak.
Testda nechta savol beriladi?
O‘qishni ko‘chirish test sinovlarida talabgorlar ikkita mutaxassislik va uchta majburiy fandan imtihon topshiradi.
Jami 90 ta test topshirig‘i beriladi:
- 1-mutaxassislik fanidan — 30 ta;
- 2-mutaxassislik fanidan — 30 ta;
- uchta majburiy fandan — har biridan 10 tadan, jami 30 ta.
Test topshiriqlarini bajarish va javoblarni javoblar varaqasiga ko‘chirish uchun 3 soat vaqt ajratiladi.
Ruxsatnomani qayerdan olish mumkin?
Talabgorlar imtihonda ishtirok etish uchun ruxsatnomani my.uzbmb.uz platformasidagi shaxsiy kabinet orqali olishlari mumkin.
Ruxsatnomada talabgorning imtihon sanasi, smenasi va test o‘tkaziladigan manzil ko‘rsatiladi.