O‘zbekistonda umumta’lim maktablarining 10-sinfida tahsil olayotgan o‘quvchilar o‘qishini texnikumlarga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha yagona davlat xizmati joriy etiladi.
Yangi tartib Vazirlar Mahkamasining 450-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentda belgilangan.
10-sinfdan texnikumga qanday o‘tiladi?
Qarorga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 10-sinf o‘quvchilari uchun maktabdan texnikumga o‘qishni ko‘chirishning alohida tartibi yo‘lga qo‘yiladi.
Bu orqali o‘quvchi umumiy o‘rta ta’limni davom ettirish o‘rniga kasbiy ta’lim yo‘nalishini tanlab, muayyan kasb yoki mutaxassislik bo‘yicha o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ariza qayerga topshiriladi?
Davlat xizmatidan foydalanish uchun arizalar:
-
Davlat xizmatlari markazlari orqali;
-
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda
topshiriladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy ichida ushbu xizmatlarni YAIDXP orqali to‘liq ko‘rsatish imkoniyatini yaratish belgilangan.
Kasbiy ta’limda “perevod” va qayta tiklash uchun ham yagona tartib bo‘ladi
450-son qaror bilan faqat 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga o‘tkazish emas, balki kasbiy ta’lim tashkilotlarida:
-
bir ta’lim tashkilotidan boshqasiga o‘qishni ko‘chirish;
-
o‘qishni qayta tiklash;
-
ushbu jarayonlar bo‘yicha xulosa berish
uchun ham yagona mexanizm joriy etiladi.
Yangi tartib o‘quvchilarga umumiy o‘rta ta’limdan kasbiy ta’limga o‘tish va o‘z qiziqishiga mos kasb yoki mutaxassislikni ertaroq egallash imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.