Oliy ta'lim vaziri: Talabalarga olgan bahosiga qarab stipendiya to‘lanadi


31 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat dasturining 2019 yil III choragida bajarilishining borishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti tinglandi, deb yozadi kun.uz.

Majlisda deputat Rasul Kusherbayev oliy ta'lim muassasalarida stipendiyaning baholar kesimida emas, hammaga bir xil miqdorida – 400 ming so‘m etib belgilanayotgani jamoatchilik o‘rtasida keskin norozilik keltirib chiqarayotgani, yaxshi o‘qigan talabalar rag‘batlantirilishi kerakligi, yangi tartibga ko‘ra buning aksi bo‘layotgani, natijada talabalar darslardan keyin ishlashga majbur bo‘layotgani, bu esa ta'lim sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishini inobatga olib, Hukumatdan mazkur masalani qayta ko‘rib chiqishni so‘radi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidovga ko‘ra bu masala kun tartibida turibdi. Normativ huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida shu yilning 23 sentyabrdan 6 oktyabrgacha muhokama etilgan Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta'lim muassasalari talabalariga stipendiya to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi yuzasidan juda ko‘plab takliflar kelib tushgan. Ularning ichida eng ko‘p so‘ralgani – differensiatsiyalash, ya'ni talabalarning o‘qishi natijalari inobatga olingan holda stipendiya miqdorini belgilash ustida ishlandi.

«Bildirilgan takliflar ko‘pligi bois hujjat loyihasi jamoatchilik takliflaridan kelib chiqib to‘ldirilyapti. Tez orada bu borada nizom qabul qilinadi. Nizomda talabalarga o‘qishi natijalari inobatga olingan holda stipendiya belgilash ko‘zda tutilgan. Xuddi oldingi tizimda bo‘lgani kabi. Hozir ham bir xil emas. Haliyam differensiatsiyalashgan tizim amalda. Talabalar bahosiga qarab oshirilgan miqdorda stipendiya olishlari mumkin», deydi Inomjon Majidov.

Avvalroq to‘lov kontrakti asosida o‘qiyotgan talabaning stipendiyasiz to‘laydigan 6 million so‘mlik shartnoma puli uning uchun sarflanadigan bir yillik xarajatni to‘liq qoplamasligi, qolgan miqdor esa davlat tomonidan qoplab berilishi aytilgandi.

Jurnalist Karim Bahriyev millatimizning kelajagi kerak bo‘lsa, to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan, ammo darslarni yaxshi o‘zlashtirayotgan talabalarni keyingi semestrdan budjetga (grant) o‘tkazishni taklif etgandi.

Muhokamalar avjida payti Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov ham bu masalaga munosabat bildirib, tabaqalashtirilgan stipendiya talabalarning bilim uchun emas, baho uchun o‘qishlariga turtki bo‘lgani, bu o‘z navbatida korrupsion harakatlarning yuzaga kelishiga zamin yaratishini ta'kidladi. Rektorning fikricha, talabaning individual qobiliyatlarini hisobga olmasdan, uning faqat qaydnomadagi «5»lari evaziga haq to‘lash amaliyoti o‘zini oqlamagan.