My.oliygoh.uz My.oliygoh.uz Hujjat topshirish

Amir Temur nomli davlat stipendiyasi joriy etilishi mumkin


O‘zbekistonda iqtidorli talabalar uchun yangi Amir Temur nomli davlat stipendiyasini joriy etish taklif qilinmoqda. Yangi stipendiyani 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab berish ko‘zda tutilgan.

Bu Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qaror loyihasida nazarda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, har bir oliy ta’lim tashkiloti uchun bittadan Amir Temur nomli davlat stipendiyasi ajratilishi taklif etilmoqda.

Amir Temur nomli davlat stipendiyasiga:

  • davlat oliy ta’lim tashkilotlari;

  • nodavlat OTMlar;

  • xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari;

  • qo‘shma ta’lim dasturlarining

oxirgi ikki kursida tahsil olayotgan talabalar da’vogarlik qilishi mumkin.

Nomzod a’lo o‘qishi, ilmiy yoki ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanishi hamda konferensiya va tanlovlarda qatnashgan bo‘lishi talab etiladi.

Shuningdek, talabgor O‘zbekiston tarixi, davlat tili va kamida bitta xorijiy tilni bilishi lozim.

Stipendiyaning o‘ziga xos talablaridan biri nomzodning Amir Temur va temuriylar merosini o‘rganish bilan bog‘liq faoliyatidir.

Loyihaga ko‘ra, da’vogarning:

  • bitiruv malakaviy ishi Amir Temur va temuriylar merosiga bag‘ishlangan bo‘lishi;

yoki

  • ushbu yo‘nalishda kamida ikkita ilmiy ishi e’lon qilingan bo‘lishi

talab etilishi taklif qilinmoqda.

Tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya qilingan talabalar hujjatlarini har yili 5-sentabrdan 15-sentabrgacha my.edu.uz tizimiga yuklashi nazarda tutilgan.

Stipendiya tayinlash bo‘yicha tavsiyanomalarni esa 5–25-oktabr kunlari ko‘rib chiqish taklif qilingan.

Stipendiya sohibiga magistratura uchun ham imtiyoz berilishi mumkin

Qaror loyihasida nomli davlat stipendiyasi sohiblari uchun yana bir muhim imkoniyat nazarda tutilmoqda.

Ularni bakalavriatni tugatganidan keyin bir yil davomida magistraturaning kunduzgi ta’lim shakliga tanlovsiz, qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilish taklif etilgan.

Hozircha ushbu talab va imtiyozlarning barchasi qaror loyihasida nazarda tutilgan. Hujjat qabul qilinishi jarayonida ayrim tartiblar o‘zgarishi mumkin.