Keyingi 3 yilda maktablardagi jami 53 ming nafar chet tili o‘qituvchilari xalqaro sertifikat olishlari zarur. Bu haqda ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda so‘z yuritildi.
“Malakali o‘qituvchilarga munosib sharoit yaratib berishni davom ettiramiz. Bundan buyon xorijiy tillar o‘qituvchilarining oylik maoshi ularning malakasiga qarab belgilanadi.
Xalqaro sertifikatni dastlabki va o‘rta darajada olgan o‘qituvchilarga – 40 foiz va yuqori natija ko‘rsatganlarga 50 foiz ustama belgilanadi. Bunda, yuqori ball olgan o‘qituvchilarga xalqaro sertifikat olish uchun test topshirish xarajatlari qoplab beriladi (bir kishiga o‘rtacha 2 million so‘m). Moliya vaziri Timur Ishmetov ushbu maqsadlar uchun 2021-yilda 50 milliard so‘m ajratadi.
Kelgusi yildan boshlab yangidan ishga qabul qilinayotgan chet tili o‘qituvchilariga milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi kiritiladi. Keyingi 3 yil davomida maktablardagi jami 53 ming nafar chet tili o‘qituvchisi xalqaro sertifikat olishi zarur.
Ushbu ishlarga xususiy ta’lim tashkilotlarini ham faol jalb qilib, yuqori ball olgan o‘qituvchilarga o‘qish xarajatlarining bir qismini qoplab berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi", – dedi Prezident.
Davlat rahbari xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovga viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga, ikki oy muddatda yaratiladigan qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanib, 1 ming 300 ta vakant o‘rinlarni malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish topshirig‘ini berdi.
Bundan avval O‘zbekistonda Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etilishi, ta’lim muassasalari bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishi shartligi, ta’lim tizimida 2 mingdan ortiq chet tili o‘qituvchilari lavozimi vakant bo‘lib qolayotgani hamda chet tillari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan maktablar uchun Prezident sovrini ta’sis etilishi haqida xabar berilgandi.