Akkreditatsiyadan o‘tmagan nodavlat oliygohlardagi ayrim yo‘nalishlar yopiladi


Ta’lim to‘g‘risidagi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, kompleks davlat akkreditatsiyasi natijasida ma’lum ta’lim dasturlarida qo‘pol kamchiliklar aniqlansa va ular bartaraf etilmasa, ushbu dastur bo‘yicha o‘quv jarayonini davom ettirish hamda qabulni amalga oshirish taqiqlanadi.

Bu nimani anglatadi?

Agar nodavlat oliygohda o‘qitilayotgan yo‘nalishda jiddiy xatolar topilsa va ular belgilangan muddatda tuzatilmasa, bu yo‘nalish butunlay yopiladi.

Yangi o‘quv yili uchun qabul amalga oshirilmaydi, mavjud talabalarga esa boshqa yo‘nalishlarga o‘tish imkoniyati beriladi.

Natijada, bunday yo‘nalishlarda ta’lim faoliyati to‘xtatiladi va oliygoh bu sohada ishlashni davom ettira olmaydi.

Ayni vaqtda bir nechta nodavlat oliygoh (ayniqsa dars soati 80 minutdan kam bo‘lgan)larda mana shu kamchiliklar mavjud. Yil yakuniga qadar kamchiliklarni bartaraf etishlari keyingi faoliyatlari uchun maqbul variant hisoblanadi.