O‘zbekistonda dunyodagi Top-100 talikka kirgan oliygohlarning filiallari ochiladi


Shavkat Mirziyoyev oliy ta’limdagi islohotlardan asosiy maqsad O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim va ilm-fan xabiga aylantirish ekanini ta’kidladi. 10 ta oliygoh dunyodagi top-mingtalikka kiritilishini aytdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan muloqot qildi.

Unda oliy ta’limdagi islohotlardan asosiy maqsad O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim va ilm-fan xabiga aylantirish ekani ta’kidlandi.

Qayd qilinishicha, hozir 4 ta oliygoh dunyodagi top-mingtalikka kirgan. Yaqin yillarda ularning soni 10 taga yetkaziladi.

Shu bilan birga, oliygohlarda dunyodagi Top-500 talikka kiruvchi universitetlar bilan axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, agrotexnologiya, tibbiyot, «yashil» energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda dunyodagi Top-100 talikka kirgan oliygohlarning filiallari ochiladi.

Bu maqsadlarga erishish uchun kelgusi yilda 10 dan ziyod xalqaro tashkilotlar, 500 ta nufuzli oliygoh rektori, mingdan ortiq xalqaro ekspertlar ishtirokida Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumi o‘tkaziladi.

Xorijlik talabalar soni 5 barobarga oshirilib, ta’lim eksporti 200 million dollarga yetkaziladi.