Shveytsariyada musodara qilingan pullarni O‘zbekistonga qaytarish jarayonini nazorat qiluvchi «Ishonch» jamg‘armasi yangi loyihani e’lon qildi.
BMT shafeligidagi «Ishonch» jamg‘armasi «Maktablarda iqlim o‘zgarishiga chidamlilik hamda suv ta’minoti, sanitariya va gigiyenani (SSG) modellashtirish» loyihasiga 20 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratishini e’lon qildi. Loyiha rasman 2025 yil 1 oktyabrda o‘z ishini boshlaydi. Eslatib o‘tamiz, jamg‘arma Gulnora Karimovaning Shveytsariyada musodara qilingan pullarini qaytarish (restitutsiya) jarayonini nazorat qilish uchun tashkil etilgan.
Loyihada O‘zbekiston bo‘yicha kamida 45 ta qishloq maktabini ta’mirlash, maktablarda energiya sarfini 30 foizga va dimlangan gazlar chiqindilarini 50 foizga kamaytirish uchun xavfsiz suv, zamonaviy sanitariya, ishonchli isitish tizimlari va ekologik toza energiya bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlanishicha, loyiha 31 mingdan ortiq bola, ayniqsa, o‘smir qizlar uchun kundalik ta’lim sharoitlarini bevosita yaxshilaydi. Ular gender jihatlarni hisobga olgan holda alohida qulayliklardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, bu esa darslarni qoldirish holatlarini kamaytiradi. Qolaversa, loyiha yakunlangandan so‘ng, uning natijalari barqarorligini ta’minlash maqsadida, 2700 nafar maktab o‘qituvchisi va xodimi iqlim o‘zgarishiga chidamlilik, gender jihatlar hisobga olingan yondashuv va jarayonlarga jamoatchilikni jalb qilish bo‘yicha o‘qitiladi.
Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy loyiha haqida shunday fikr bildirdi: «Shveytsariya ushbu restitutsiya mablag‘lari O‘zbekiston xalqiga bevosita foyda keltiradigan, korrupsiyadan xoli, sezilarli investitsiyalarga aylantirilayotganidan faxrlanadi. Ushbu loyiha orqali biz 31 500 bolaga yanada sog‘lom, xavfsiz va munosib muhitda ta’lim olish imkoniyatini yaratmoqdamiz – bu rivojlanishga xizmat qiluvchi restitutsiyaning haqiqiy timsolidir».
O‘zbekistondagi BMT doimiy koordinatori Sabine Mahl shunday dedi: «Ushbu loyiha O‘zbekistondagi BMT jamoasi mamlakatdagi bolalar va oilalar uchun restitutsiya mablag‘larini uzoq muddatli takomillashtirish jarayonlariga aylantirish bo‘yicha sobitqadamligini ko‘rsatib beradi. Biz toza suv, zamonaviy sanitariya va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni shaffoflik va jamoatchilik nazorati bilan uyg‘unlashtirib, nafaqat maktablarga, balki har bir bolaning ishonchi, tengligi va kelajagini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlamoqdamiz».
Shu yilning aprel oyida Gulnora Karimovaning Shveytsariyada muzlatib qo‘yilgan 131 mln dollarlik aktivlari birinchi transhidan 95 million dollarlik aktivlar O‘zbekistonga qaytarilgan edi.