Xalqaro sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham tan olinadi


O‘zbekistonda maktabdagi yakuniy imtihonlarda endi xorijiy til va fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatlar ham tan olinadi. Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Shveytsariya, Xitoy, Koreya, Britaniya kabi davlatlarning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekistonda endi xorijiy til va fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham tan olinadi. Bu haqda prezident 15 sentabr kungi yig‘ilishda ma’lum qildi.

Unda har yili o‘n minglab maktab o‘quvchilari xorijiy til va fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatlar olayotgani qayd etildi.

Masalan, 2016 yilgacha jami 2 ming nafar maktab o‘quvchisi sertifikat olgan bo‘lgan. 2024 yili birgina xorijiy tillarning o‘zidan 150 ming yoshlar xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi. Endi bunday sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham tan olinishi aytildi.

«Bugungi tadbirimizda o‘zi yosh bo‘lishiga qaramasdan, yuzlab o‘g‘il-qizlarimizni yuqori marralarga yetaklayotgan kogonlik qizimiz Billura Ikramova ham qatnashyapti. Billura qizimiz top-200 talikka kiradigan Buyuk Britaniyaning Reding oliygohini bitirib, katta-katta idoralardan bo‘lgan takliflarni rad etib, Romitanning eng chekka qishlog‘idagi maktabda ingliz tilidan dars bermoqda», — deya qayd etdi davlat rahbari.

«Yoki Oksford universiteti doktoranti Nodira Nabiyeva eshitish qobiliyatini yo‘qotgan o‘quvchilarga ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha innovatsion metodika yaratdi. Germaniya va AQShdagi oliygohlarning professor-o‘qituvchilari bu metodikadan foydalanayotgani bizni quvontiradi. Eng katta niyatim, maqsadim — ta’lim va yana bir bor ta’limga e’tibor berib, bunday iste’dodli va fidoyi yosh o‘qituvchilarimiz safini kengaytirish. Buning uchun har qanday sharoitlarni yaratib berishga tayyorman», — dedi prezident.

Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Shveytsariya, Xitoy, Koreya, Britaniya kabi davlatlarning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning eng ilg‘or kasbiy ta’lim dasturlari joriy qilinishi belgilandi.

Bundan tashqari, kasbiy ko‘nikmasi bor istalgan talabgor ushbu texnikumlarda xorijiy davlatlarning malakani baholash tizimi orqali imtihondan o‘tib, xalqaro sertifikat olishi mumkin bo‘ladi.

2025/2026 o‘quv yilidan Angliyaning «Pirson» kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda «BITeK» xalqaro dasturi boshlanishi ta’kidlandi. Bu orqali yoshlar xalqaro standartlar asosida turizm, axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda talab yuqori kasblarni egallaydi.

Kelasi yili sanoatda qariyb 45 milliard dollarlik 456 ta yirik loyiha boshlanadi. «Investor — tarmoq — texnikum» zanjiri asosida texnikumlarda dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.

Korxonalar bilan aniq loyihalari bo‘lgan texnikumlar o‘rtasida zamonaviy ustaxonalarni barpo qilish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi. Tanlov g‘oliblariga ustaxona uchun zamonaviy uskuna va jihozlar, sport anjomlari olib beriladi.