Turkiya universitetlarida o‘zbekistonlik yoshlarning bepul o‘qishi uchun grantlar miqdori 3 baravargacha oshiriladi


Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlik kengaytiriladi. Bu haqda Xorijdagi turklar va qardosh xalqlar boshqarmasi (YTB) rahbari Abdullah Eren jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb xabar beradi “Daryo" muxbiri Sevara Nishonova.

Ayni kunlarda xizmat safari bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Abdulloh Eren O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Majidov bilan uchrashib, o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Oliy ta’lim vaziri Inom Majidov bilan uchrashdik. Muhandislik yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarni Turkiyada bilim va ko‘nikmalarini oshirishga ko‘proq e’tibor qaratamiz.

Hozirda Turkiyada 1000 dan ortiq o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. 10 yil ichida Turkiya davlat stipendiyasi asosida ta’lim olgan talabalarning umumiy soni 150 kishini tashkil etadi. Bu juda kam ko‘rsatkich.

Bu yil Turkiya davlat stipendiyasi uchun 169 mamlakatdan jami 150 000 kishi hujjat topshirdi. O‘zbekistondan topshirganlar soni 500 ga yaqin. Bu juda oz. Masalan, Qozog‘istondan 5000, Afg‘onistondan 15000 kishi hujjat topshirgan. Murojaat etuvchilar soni qanchalik ko‘paysa, grant sohiblari ham shu qadar ko‘p bo‘ladi", — deydi Abdulloh Eren.

Xorijdagi turklar va qardosh xalqlar boshqarmasi rahbari o‘zbekistonlik yoshlariga Turkiya universitetlarida bepul o‘qish uchun grantlar miqdorini uch baravargacha oshirish rejalashtirilayotganini ham aytib o‘tdi:

O‘zbekiston siyosiyati, iqtisodiyoti, madaniyati hamda yoshlari bilan Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng kuchli mamlakat. Islom madaniyatining ma’naviy beshigi O‘zbekiston Buxoro, Xiva, Samarqand kabi shaharlari va buyuk allomalari bilan jahonga mashhur. Men Milliy universitetda bo‘lib yoshlar bilan uchrashdim. Talabalarning to‘rt— o‘zbek, rus, ingliz va turk tillarida so‘zlashayotganiga guvoh bo‘ldim. Biz bunday yoshlarning Turkiyaga borib tahsil olishini va olgan bilimlarini yurt ravnaqi yo‘lida safarbar etishlarini istaymiz.

Shu yilning o‘zidayoq o‘zbekistonliklarga Turkiya universitetlarida bepul o‘qish uchun grantlar miqdorini uch baravargacha oshirishni rejalashtirganmiz".

Abdulloh Eren Turkiya davlat stipendiyasi asosida ta’limni tamomlaganlar uchun qanday talablar qo‘yilishi haqida gapirar ekan, o‘qish tugagach, ularning O‘zbekistonga qaytishi majburiy shartlardan biri ekanligini aytdi:

Turkiya universitetlarida grant asosida o‘qiyotgan talabalardan tilxat yozdirib olamiz. Ular o‘qish tugagach, olti oy ichida O‘zbekistonga qaytishlari kerak. Ularga qaytish uchun aviachipta ham olib beramiz. Ular Turkiyada olgan bilimlarini O‘zbekiston rivojlanishi yo‘lida safarbar etishlarini istaymiz".

“O‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarning Turkiyada tahsil olishiga imkoniyat yaratib bergan holda ikki mamlakat ta’lim sohasidagi hamkorligida yangi sahifa ochmoqchimiz.

O‘tmish o‘tmishda qoldi. Endi oldimizda yangi O‘zbekiston va yangi Turkiya bor. Bu faoliyatimiz natijasida turk va o‘zbek xalqlarini ham o‘zaro yaqinlashtirish maqsadidamiz", — deydi so‘zlarini davom ettirib Abdulloh Eren.

Ma’lumot uchun, Xorijdagi turklar va qardosh xalqlar boshqarmasi 2010-yilda tashkil etilgan.

Boshqarma, asosan, Turkiya tashqarisidagi turk diasporasi bilan aloqalarni mustahkamlash, qardosh xalqlar bilan munosabatlarni kengaytirish, xalqaro talabalarni Turkiyada davlat granti asosida o‘qitish kabi uchta yo‘nalishda faoliyat yuritadi.