Germaniyaning Lyubek universiteti saytida Toshkent davlat tibbiyot universiteti o‘qituvchi-professor va talabalarining ushbu mamlakatda malaka oshirish kurslarida qatnashgani haqidagi maqola e’lon qilindi.
"Joriy yilning iyul oyida Toshkent davlat tibbiyot universiteti talabalari Lyubek universiteti va Shlezvig-Holshtayn universiteti klinikalarida o‘zlarining bilim hamda tajribalarini oshirdi", – deb ta’kidlangan nashrda.
O‘quvlar Toshkent davlat tibbiyot universiteti, Germaniyaning "G‘arb-Sharq uchrashuvlari" jamg‘armasi va Koch-Avicenna e.V. Germaniya-O‘zbekiston tibbiyot jamiyati hamkorligida tashkil etildi.
O‘zbekistonlik bo‘lg‘usi shifokorlar jarrohlik, ginekologiya, urologiya va onkologiya bo‘limlarida amaliyot o‘tadi hamda yara parvarishi o‘quv modeli doirasida jarrohlik tikuv kursi kabi seminar mashg‘ulotlarida qatnashdi. Shuningdek, ular shifokorlar bilan birga tibbiy amaliyotlarda ishtirok etdi, zamonaviy tibbiyot sohasidagi tadqiqot ishlari bilan tanishdi.
Ta’kidlanishicha, hamkorlikning asosi – bu ikkala oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida tuzilgan umumiy kelishuv bo‘lib, u talaba, o‘qituvchi va tadqiqotchilarning o‘zaro almashinuvi hamda qo‘shma ta’lim va ilmiy-tadqiqot loyihalarini ko‘zda tutadi.
"Markaziy Osiyodagi eng nufuzli tibbiyot universitetlaridan biri bilan hamkorlik qilish keng imkoniyatlarni taqdim etadi. Biz bu imkoniyatlarni yanada rivojlantirish niyatidamiz. Ilmiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida O‘zbekistonga nemis delegatsiyasi safari ham rejalashtirilgan", – deya professor Tomas Myunte so‘zlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.