Hindiston O‘zbekistondagi tibbiy oliygohda o‘qimaslikni tavsiya qildi


Hindiston Milliy tibbiy komissiyasi chet elda o‘qishni rejalashtirayotgan talabalarga ogohlantirish berdi. Unga ko‘ra, quyidagi to‘rtta universitet Hindistonning tibbiy ta’lim standartlariga javob bermaydi:

  • Markaziy Amerika sog‘liqni saqlash va fanlar universiteti (Beliz)

  • Kolumbiya Markaziy universiteti (Beliz)

  • Vashington sog‘liqni saqlash va fanlar universiteti (Beliz)

  • Toshkent davlat tibbiyot universitetining Chirchiq filiali (O‘zbekiston)

Bu haqda The New Indian Express nashri xabar berdi.

Ogohlantirish sabablari

Ogohlantirish Hindistonning Meksikadagi elchixonasi va Tashqi ishlar vazirligining Yevrosiyo bo‘limi murojaatlaridan so‘ng e’lon qilingan. Ular quyidagi muammolarga e’tibor qaratgan:

  • Akademik va klinik standartlarning yo‘qligi

  • Infratuzilmaning talab darajasida emasligi

  • Talabalardan ortiqcha to‘lovlar olinishi

  • Yolg‘on reklama va noto‘g‘ri axborot berilishi

  • O‘qishni tark etmoqchi bo‘lganlarga bosim o‘tkazilishi

FMGL talablariga qat’iy rioya shart

Hindiston fuqarolari xorijda tibbiyot o‘qiyotganda Xorijiy tibbiyot bitiruvchisi litsenziati (FMGL) talablariga rioya qilishi shart. Bu talablar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Kurs davomiyligi

  • O‘quv dasturi va tili

  • Klinik tayyorgarlik va amaliyot sifati

Bu mezonlarga rioya qilinmasa, Hindistonda tibbiyot amaliyotiga ruxsat berilmaydi.

Hindistonlik talabadan Toshkentdagi sharoit bo‘yicha shikoyat

2024-yil fevral oyida Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘qishni boshlagan 21 yoshli hindistonlik talaba shikoyat qilgan. U quyidagi muammolarni ko‘rsatgan:

  • O‘qituvchilarning ingliz tilida yaxshi gapira olmasligi

  • Professorlarning past darajadagi dars berishi

  • Imtihon savollari oldindan yodlatilishi

  • Yotoqxonaning iflosligi va sanitariya sharoitlarining yomonligi

Vazir reaksiya bildirdi

Tanqidlar ortidan Oliy ta’lim vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Toshkent tibbiyot akademiyasiga tashrif buyurdi va hindistonlik talabalar bilan uchrashdi.

Vazirlikka ko‘ra, talabalar uchrashuvda ta’lim sifati va yashash sharoitlaridan qoniqish bildirgan. Shuningdek, vazir oliygoh rahbariyatiga xorijiy talabalar uchun sharoitlarni yanada yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar bergan.