Saudiya o‘zbekistonlik talabalar uchun grantlar ajratishi mumkin


O‘zbekiston elchisi Nodir Turg‘unov Burayda shahrida Saudiya Arabistonining Qosim mintaqasi hokimi shahzoda Faysal bin Mish’al Ol Saud bilan uchrashdi.

Muloqot avvalida Faysal Ol Saud so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari barcha sohalarda rivojlanib borayotganini, bu bevosita ikki mamlakat rahbariyati o‘rtasida o‘rnatilgan yaqin munosabatlar tufayli amalga oshayotganini aytib o‘tdi.

"O‘zbekiston Saudiya Arabistoni uchun Islom olamida ishonchli sherik mamlakat hisoblanadi. Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun O‘zbekistonga o‘ttiz kunlik vizasiz kirish tartibi joriy qilingani uchun tashakkurimizni izhor etamiz. Sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Noif xalqaro aeroportidan O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni taklif qilamiz", – dedi Qosim mintaqasi hokimi.

Uchrashuvda ta’lim sohasida ham ulkan imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. O‘zbekicton va Qosim mintaqasi universitetlari o‘rtasida anglashuv memorandumlarini imzolash hamda o‘zbekistonlik talabalar uchun grantlar ajratish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Mintaqa rahbariyatiga Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazi va Samarqand shahridagi Imom Buxoriy majmuasi ochilish marosimiga ishtirok etish taklifi bildirildi.