O‘zbekiston va BAA talabalar hamda shifokorlar almashinuvini yo‘lga qo‘yadi


Mamlakat elchixonasi diplomatlari Ras Al-Xayma amirligida RAK Hospital kompaniyasi bosh ijrochi direktori Ashendu Pandey bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida BAA tomoniga O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida o‘tkazilayotgan islohotlar, tibbiyot yo‘nalishida ta’lim sifatini oshirish, qurilish va shaharsozlik sohalarida amalga oshirilayotgan dasturlar, shu jumladan, "Yangi Toshkent" loyihasi haqida batafsil ma’lumot berildi.

RAK Hospital kompaniyasi rahbari mamlakatda biznes yuritish uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholash barobarida, har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Muzokaralar natijasida talabalar va shifokorlar o‘rtasida almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, uy-joy va mehmonxona qurilishi kabi loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.