Talabalar «Yoshlar auditoriyasi»da internet, fotokamera va ovoz yozish studiyasidan tekin foydalanadi


Kuni kecha Talabalar media ijtimoiy va madaniyat maskanida «Yoshlar auditoriyasi» loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari Yusuf Absoatov ishtirok etdi va loyiha bo‘yicha yoshlar bilan do‘stona suhbat o‘tkazdi.

«Yoshlar auditoriyasi» loyihasi hayotda amaliy ahamiyati yuqori bo‘lgan ko‘nikmalar ya’ni birinchi tibbiy yordam, kiyinish madaniyati, ovqatlanish odobi, turli davlarda o‘zini tutish, suzish texnikasi kabi qator mavzularda talabalar tomonidan animatsion yoki sahnalashtirilgan videoroliklarni tayyorlashni ko‘zda tutadi.

Loyihaning asosiy maqsadi har bir masala bo‘yicha videoroliklarni to‘plam holiga keltirish va ta’lim muassasalarini media mahsulotlari bilan ta’minlashdan iborat.

Loyihada ishtirok etish istagidagi talabalar media ijtimoiy va madaniyat maskani «Yoshlar auditoriyasi» xonasiga tashrif buyurib, bepul internet, kompyuter xizmatlari, fotokameralar, ovoz yozish studiyasi, tarjimonlar va boshqa mutaxassislar yordamidan bemalol foydalanishlari mumkin.

Loyiha turli yo‘nalishdagi talabalarni birga ishlashga jalb qiladi. Tarjima hamda shaxsiy ijodiy ishlar, dublyaj, montaj, animatsiya ustalari bir joyda jamlanadi.

Loyiha talablariga mos videorolik mualliflari Bitiruv malakaviy ishidan ozod qilinishi va boshqa usullarda rag‘batlantirilishi ko‘zda tutilgan.

Manba: xabar.uz