Oliy ta’limda kontrakt to‘lovi muddatlari yangilandi


Adliya vazirligi ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt tartibi va kontrakt mablag‘larini taqsimlashga oid nizomga kiritilgan o‘zgarishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Yangilangan tartib bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida kontrakt to‘lovi quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi:

  • to‘lovning kamida 25 foizi abituriyentlar uchun 15 sentabrgacha, yuqori bosqich talabalari uchun 1 oktyabrgacha yoki rektor tomonidan belgilangan uzaytirilgan muddatgacha;

  • to‘lovning kamida 50 foizi — 1 yanvargacha

  • kamida 75 foizi — 1 martgacha

  • 100 foizi — 1 maygacha yoki rektor tomonidan uzaytirilgan muddatgacha to‘lanishi belgilandi.

Shuningdek, Davlat komissiyasiga to‘lov muddatlarini uzaytirish vakolati berildi.

Kontraktdan tushgan mablag‘lar endilikda xorijiy oliy ta’lim muassasalarida yosh pedagoglar va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish va stajirovka o‘tashini moliyalashtirish uchun ham yo‘naltirilishi mumkin.

Oliy ta’lim tashkilotlari talabalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida bir yil davomida har bir talabaning ehtiyojiga qarab mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 6 barobarigacha moddiy yordam ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldi.