O‘zbekistonda qizlarning turmushga chiqish va ta’lim yoshi deyarli teng. Talabalar soni yildan yilga oshib borayotgani hisobiga, oilali student-ayollarni qo‘llab-quvvatlash zarurati ham ortmoqda. OTMlarda bu borada ilg‘or xorij tajribasini joriy etishni kechiktirmaslik lozim.
1-ssenariy: Qiz maktabni yoki litsey/kollejni tugatib o‘qishga kira olmadi. Yana qayta urindi, kira olmadi, ish topadi yoki uyda o‘tiradi. Yo biror hunar o‘rganishi mumkin. Tezroq unga kuyov topib, uzatib yuborishlari mumkin. “O‘qimasa, olib o‘tirib nima qilamiz".
2-ssenariy: Qiz o‘qishga kirdi. Yaxshi baholar bilan o‘qiyapti. Grant bo‘lsa, 1–2-kursda o‘qiyotganidayoq, kontraktda o‘qisa, taxminan 3-kursda o‘qiyotganida sovchilari ko‘payadi. Ko‘plab holatlarda qiz bakalavriat yo magistraturadagi o‘qishini tugatmasdan turmushga chiqib ketadi. “O‘zimiz o‘qitib olamiz, o‘qishiga bemalol boraveradi", deydi kuyov tomon.
Lekin turmushga chiqqandan keyin qizlar vaqtlarini ikkiga: o‘qish va oilaga taqsimlashlariga to‘g‘ri keladi. Agar farzandli bo‘lsa, unda uchga.
Har uchta qizdan bittasi 20 yoshga to‘lmay turmushga chiqmoqda
Statistika qo‘mitasi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, 2021 yilda 305 mingdan ortiq nikoh qayd etilgan. Shundan 93,2 mingta holatda kelinlar hali 20 yoshga to‘lmagan bo‘lgan, 186,7 nafar kelin esa oila qurish paytida 20–30 yosh oralig‘ida bo‘lgan.
Agar qiz bola maktabga 7 yoshda borsa va 18 yoshda 11 yillik ta’limni tugatib, o‘z vaqtida OTMga kirsa, bakalavriatni 22 yoshida, magistraturani esa 24 yoshida tugatadi. O‘rtada tanaffuslar ham bo‘lishi ehtimolini hisobga olsak, xotin-qizlar 25–26 yoshigacha ham ta’lim olishi mumkin.
Raqamlardan kichik xulosa qilish mumkinki, O‘zbekistonda aksar qizlar ta’lim olish yoshida turmushga chiqadi. Balki shuning uchun ham ular ko‘proq nisbatan oson yo‘nalishlarda ta’lim olishni ma’qul ko‘rishadi: OTMlarda tahsil olayotgan 260 ming talaba qizlarning qariyb yarmi – 126,3 ming nafari pedagogika yo‘nalishida tahsil oladi. Solishtirish uchun: tabiiy fanlar yo‘nalishlarida 14,1 ming nafar, matematika fanlarida esa 5,4 ming nafar qizlar o‘qiydi.
Turmushga chiqib o‘qiyotgan qizlar muammolari haqida Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi xotin-qizlar guruhlaridagi fikrlarni o‘rganib ko‘rdim. O‘zi yoki yaqin qarindoshi bo‘lgan qizlarning turmushga chiqib o‘qishini davom ettirgani haqida taxminan 80 kishi fikr bildirdi. Asosiy javoblar – turmush qurgandan so‘ng ta’lim olish sifati tushib ketgani haqida bo‘ldi. Aksar respondentlar yaxshi o‘qishgani haqida faqatgina OTMdagi darslariga vaqtida borib kelganini aytish bilan chegaralandi, biroq ta’lim olish sifati pasayganini bildirgan. Mo‘’jaz tadqiqot respondentilar kuzatishlari va javoblariga ko‘ra, yangi xonadonda kelinning yetarli darajada ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlovchilar ham bor, lekin ular kamchilik.
Turmushga chiqqach, yosh ona bo‘lgan talabalarning holatini tasavvur qilib ko‘rish mumkin. Agar bolasiga qarab turadigan yaqinlari bo‘lsa, 2-3 para darslarga borib kelishi mumkin, agar bo‘lmasa-chi? Bolasi emizikli bo‘lsa-chi? Xullas, o‘qish, oila va farzandi o‘rtasida muvozanatni saqlab, sifatli o‘qiy olish – talaba bo‘lgan yosh onalar uchun juda katta vazifa.
Talaba-onalar uchun muqobil variant taklif qilinishi kerak
Saodat Abdurahmonova, O‘zJOKU magistratura bosqichi talabasi, yosh ona:
— Turmushga chiqqanimda magistraturada birinchi kurs, farzandli bo‘lganimda esa ikkinchi kurs edim. Birinchi kursda karantin sababli o‘qish onlayn bo‘lgan, qiyinchilik yo‘q edi, ammo masofaviy ta’lim sifatli bo‘ldi, deb ayta olmayman.
Ikkinchi kursdan esa darslarga qatnash majburiy qilib qo‘yildi. Qarindoshlari tomonidan yordam bo‘lgan onalar qatnay oldi, bunday yordam bo‘lmaganlar esa o‘qishga kelgani ham yo‘q. Fikrimcha, yosh onalar uchun muqobil variant o‘laroq sifatli onlayn ta’lim taklif qilinishi kerak. Balki bu qo‘shimcha to‘lovlarni talab qilar, ammo imkoniyat taklif qilinishi kerak.
Ona og‘ir tanlov qarshisida yolg‘izlatib qo‘yilgan: yoki o‘qishi, o‘zini rivojlantirishi kerak, yoki karera qilishdan umid uzib, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanishi kerak. Lekin nomiga emas, chin ma’noda ilm olish uchun bola tarbiyasini qo‘l uchida qilishiga to‘g‘ri keladi.
Risoladagidek ayol hammasiga ulgura oladi degan gap safsata: ikkisiga birdek ulgurish imkonsiz, yo o‘qish o‘lda-jo‘lda bo‘ladi, yo tarbiya.
Farzandimni katta qilib olgandan keyin o‘qirman/ishlarman deganlar esa vaqt nuqtayi nazaridan o‘ziga tengdosh erkaklarga qaraganda juda ko‘p narsani boy beradi, ulgurib olish uchun karrasiga ko‘proq mehnat qilishi kerak bo‘ladi. O‘z-o‘zidan bu uning rivojlanishdagi imkoniyatlariga ham, ruhiy va jismoniy salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘zim misolimda ham shunday bo‘lgan: ham bolani, ham o‘qishni ko‘ngildagidek uddalashga harakat qilganman va qilyapman, lekin bundan ruhiy holatim jiddiy talafot ko‘ryapti.
Umuman olganda, jamiyat yosh onalarga mos qulayliklar taklif qilmaydi. Jamoat joylarida emizish uchun alohida xonalar, binolarga kirish-chiqishda bolalar aravachasi uchun panduslar yo‘qligi (borlari ham nomiga qo‘yilgan, amalda u orqali aravachani olib o‘tish imkonsiz, ayniqsa zinalari juda ko‘p, eskalatorlar kuniga bir necha soatgina ishlaydigan yoki umuman ishlamaydigan ko‘priklarni gapirmasa ham bo‘ladi), ish va o‘qishda ular uchun muqobil formatlar taklif qilinmasligi kabilarni keltirish mumkin.
***
Yuqoridagi fikrlar – jamiyatda o‘z o‘rnini topib, yaxshi kadr sifatida ilmiy salohiyatini oshirishni xohlagan, parallel oilani ham eplashga, farzandini e’tibor bilan katta qilishga harakat qilayotgan o‘zbek ayollaridan birining fikri. Bunday xotin-qizlar juda ko‘p va ular jamiyatning qo‘llab-quvvatlovisiz qiynalmoqda.
Xotin-qizlarning ish va o‘qish faoliyatida ma’lum muddat – farzandli bo‘lish va farzandlarini katta qilish davrida – tanaffus bo‘lishiga tabiiy qaraladi. Onalik ta’tili hamma davlatlarda ham bor va onalarning jismoniy, ruhiy holati inobatga olinsa, bu – eng yaxshi variant. Lekin o‘qiyotgan va talaba payti homiladorlik, yosh onalik davrini boshdan o‘tkazadigan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ta’limi uchun qulay sharoit yaratib berish masalasini hal qilmaslikni boshqa sabablar ortiga bekitib bo‘lmaydi.
Xalqaro tajriba: Homiladorlik va yosh bolalilik o‘qishga to‘siq bo‘lmaydi
Angliyaning York universiteti
Angliyaning York shahrida joylashgan York universiteti “Talabaning homiladorligi, onalik, otalik va farzand asrab olish siyosati"ni ishlab chiqqan. Unda homilador va yosh bolali talaba onalar uchun qulayliklar va ta’lim olishi uchun moslashuvchan sharoit qilib berish nazarda tutilgan. Universitet homilador yoki yosh bolali bo‘lish ta’lim olishga to‘siq bo‘lmaydi, deb hisoblaydi va bu holatdagi talabalarga qulay sharoit yaratib beradi.
Avvalo, homilador talaba o‘z sog‘ligi haqida universitetni xabardor qilishi kerak. Agar xabardor qilmasa, sog‘ligi yoki turli tibbiy ko‘riklar sabab darslarda yoki imtihonlarda qatnasha olmay qolgan holatlarda uning holatini maxsus ko‘rib chiqish imkoni bo‘lmasligi mumkin.
Talaba homiladorligi haqida kafedradagi o‘zi biriktirilgan xodim bilan uchrashib, holatini bildirishi va onalik rejasini to‘ldirishi kerak bo‘ladi. Bunday reja talabaga o‘qishda moslashuvchan grafikni taqdim etishi mumkin va grafikni o‘qituvchilari ham ko‘rib chiqqan bo‘lishi kerak.
Farzandli bo‘lganda esa talabaga kamida 2 haftalik ta’til beriladi. Yana bir qiziq tarafi: hatto ota bo‘lgan talaba ham bolasi tug‘ilgandan to 8 haftalik bo‘lguncha muddatda 1-2 haftalik ta’til olishi mumkin.
Emizish xonalari va bolalar parvarishi xizmatlari
York universitetida xodimlar, talabalarning farzandlari uchun alohida bog‘cha tashkil qilingan. Bog‘chalar to‘lovli bo‘lib, 3 oylikdan to maktab yoshigacha bo‘lgan bolalar qabul qilinadi. Masalan, yosh bolali talabalar ham farzandi bilan o‘qishga kelib, uni universitetning maxsus bog‘chasiga joylashtirib darslarda qatnashishi, kutubxonalardan foydalanishi mumkin.
Universitet kampusida emizish uchun maxsus emizish xonalari ham bor va ular 24 soat ishlaydi.
Lester universiteti
Buyuk Britaniyaning yana bir universiteti – Lester universitetida ham deyarli xuddi shunday tartib ishlab chiqilgan. Homiladorligi va yosh bolali ekanini ma’lum qilib qo‘ygan talabalar uchun alohida dastur ishlab chiqiladi, akademik standartlarni buzmagan holda uning o‘qishi uchun moslashuvchan sharoit qilib beriladi.
Farzandli bo‘lgach esa unda tanlash imkoni bor: yo bir yillik bola parvarishi ta’tili olish, buni xohlamaganda esa unga tug‘uruqdan so‘ng 2 haftalik ta’til beriladi.
Kembrij universiteti
Britaniyadagi mashhur universitetlardan yana biri – Kembrij universiteti homilador va yosh bolali talabalar uchun alohida yo‘riqnoma ishlab chiqqan. Unda ham homilador talabalar uchun sharoit qilib berilishi mumkinligi, tug‘uruqdan so‘ng o‘rtacha 2 hafta ta’til olish mumkinligi qayd etilgan.
Kembrij universiteti ham emizikli va 6 oylikkacha bo‘lgan talaba onalar uchun alohida sharoit yaratgan. Talabalar dekanatlar bilan kelishgan holda emizish xonalaridan, universitetdagi muzlatkichlardan foydalanishi mumkin.
O‘zbekistonda homilador va yosh ona bo‘lgan talabalar uchun qanday imtiyoz va sharoitlar bor?
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, talaba xotin-qizlar homiladorlik va tug‘ish, bolalarni parvarish qilish uchun akademik ta’til olishlari mumkin. Akademik ta’til o‘qishdan chetlashtirish hisoblanmaydi. Akademik ta’til olgan talaba agar o‘qishni davom ettira olishiga ishonsa, arizasiga ko‘ra OTM rektorining buyrug‘iga muvofiq, o‘qishini akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi yoki masofaviy yoki eksternat (mustaqil ta’lim) ta’lim shakliga o‘tkazishi mumkin.
Bunda, OTMda muayyan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) bo‘yicha sirtqi yoki masofaviy ta’lim shakli mavjud bo‘lgan taqdirda, talabaning o‘qishi arizasiga ko‘ra belgilangan muddatga ushbu ta’lim shakliga o‘tkaziladi. Qolaversa, talaba o‘qiyotgan ta’lim yo‘nalishining xususiyatlari ham inobatga olinadi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, hali OTMlarda eksternat va masofaviy ta’lim joriy etilmagan. Masofaviy ta’lim shakliga 2022/2023 o‘quv yilidan o‘tilishi reja qilingan. Biroq OTM rektorining qaroriga muvofiq, talaba akademik ta’til davrida o‘qishini masofaviy tarzda davom ettira olishi mumkin, bu OTM tomonidan chiqariladigan ichki tartib va rektor buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
Lekin aksar holatda yosh bolali talabada masofaviy yoki eksternat ta’limni tanlash imkoni deyarli kam va unda 3 ta tanlov bo‘lishi mumkin: uyda qarovchisi bo‘lsa, emizikli bolasini qoldirib, darslarga o‘lda-jo‘lda qatnash, akademik ta’til olish yoki (agar o‘qiyotgan yo‘nalishida sirtqi ta’lim shakli mavjud bo‘lsa) sirtqi shaklda o‘qish.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, tug‘uruqdan so‘ng qisqa muddatli ta’til olish amaliyoti ham OTMlarda mavjud. Bunda talaba salomatligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosani ilova qilgan holda ariza yozadi va har bir OTMning ichki tartib-qoidasi asosida unga qisqa muddatli ta’til beriladi.
OTMlarda homilador, yosh bolali ayollar uchun sharoit bormi?
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozircha OTMlarda xodimlar, talabalarning bolalari uchun maxsus bog‘chalar, emizish xonalari tashkil qilinmagan.
Yuqorida tahlil qilganimizdek hozir davlat OTMlarida homilador, yosh bolali talaba qizlar ta’lim olishi boshqa talabalarga nisbatan qiyinroq. Ular o‘zlari uchun sharoit qilib harakat qilishga majbur.
Lekin yurt kelajagi haqida gap ketarkan, birinchi navbatda farzandlar tarbiyasiga mas’ul onalar ilmli bo‘lishi kerakligini inkor qilib bo‘lmaydi. Zamonaviy ilm-fandan xabardor, oliy ta’limni sifatli o‘qib tugatgan xotin-qizlar oiladagi rolidan tashqari mehnat bozorida ham juda kerakli. Shuning uchun ham ularni, avvalo, oilada, jamiyatda, ta’lim dargohlarida qo‘llab-quvvatlash va shunchaki OTMni tugatishi uchun emas, sifatli o‘qib tugatishi uchun sharoit qilib berish muhimdir.
Buning uchun xorij OTMlarida tashkil qilingan sharoitlarni o‘rganish va amalga tatbiq etishning o‘zi ham katta qadam bo‘lishi mumkin.
Zilola G‘aybullayeva
KUN.UZ