“Daryo" tahririyatiga murojaat qilgan Qarshi davlat universiteti tabiiy fanlar fakultetining birinchi bosqichini yakunlagan Shahnoza Malikova universitet rahbariyatini adolatsizlikda ayblamoqda. Uning aytishicha, universitetning tabiiy fanlar fakultetida o‘qituvchilar baho uchun talabalardan yaxshigina haq oladi.
Kursdan kursga qoldirilgan sobiq talaba Shahnoza Malikovaning ayblovlari qay darajada asosli ekanligini o‘rganish maqsadida “Daryo" muxbiri Otabek Qo‘ldoshev Qarshi davlat universitetida bo‘ldi.
Universitetning tabiiy fanlar fakulteti dekani Bobur Boysunovning ma’lumot berishicha, rektorning 2019-yil 10-sentabrdagi buyrug‘iga ko‘ra, talaba Shahnoza Malikova haqiqatan ham kursdan qoldirilgan.
— Shahnoza Malikovaning yozgi semestrda 6 ta fandan akademik qarzdorligi mavjudligi bois kursdan kursga qoldirildi, — deydi fakultet dekani Bobur Boysunov. — Biroq bu talaba butkul o‘qishdan chetlatildi degani emas. Talaba birinchi kursni muvaffaqiyatli yakunlolmagani bois kursni yana qayta o‘qiydi degani.
Fakultet dekaniga ko‘ra, Shahnoza Malikovaning kursdan kursga qoldirilishi talaba o‘qishini davom ettirish uchun belgilangan shartnoma pulining 50 foizini qayta to‘lashini anglatadi. Va talaba birinchi bosqichda qayta tahsil oladi.
Universitet mas’ullarining ma’lumot berishicha, Shahnoza Malikova yozgi semestr davomida 6 ta fandan baho ololmagan. Shu boisdan ham Malikovada 6 fandan akademik qarzdorlik yuzaga kelgan. Va kursdan kursga qoldirilgan.
— Hatto ism-familiyasini to‘g‘ri yozolmaydigan va darsga ham deyarli qatnashmagan kursdoshlarim baho olib, o‘qishini davom ettirayapti-ku, — deydi Shahnoza Malikova. — Shumi adolat?
Shahnoza Malikova o‘zi tahsil olgan oliygohda tanish-bilishchilik va o‘qituvchilar orasida korrupsiya avjiga chiqqanligini, baho olish uchun o‘zi ham o‘qituvchilarga pul berganini tan olmoqda.
— Kursdoshim Davron, hatto darsga ham qatnashmaydi, ammo binoyidek baho olyapti, — deydi Shahnoza Malikova. — Yana bir kursdoshim Shodi esa oliy matematika fanidan yakuniy nazoratda o‘rniga irrigatsiyada tahsil oluvchi tanishini kiritganini dekan Bobur Boysunovning o‘zi fosh qilgandi. Ammo imtihonga ham kirmagan kursdoshim oliy matematikadan baho olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu nimadan darak beradi?
Aniqlanishicha, Shahnoza Malikova tilga olgan talabalar tabiiy fanlar fakultetida tahsil oluvchi Shahnoza Malikovaning kursdoshlari Davron Eshtemirov hamda Shodiqul Xudoynazarovlar bo‘lib chiqdi. Fakultet dekani Bobur Boysunov Shodiqul Xudoynazarovning oliy matematika fanidan yakuniy nazoratga haqiqatan ham tanishini kiritganini, holatni shaxsan o‘zi aniqlab soxta talabani yakuniy nazoratdan chetlashtirganini tasdiqladi. Dekan, shuningdek, Shodiqul Xudoynazarov yakuniy nazoratni qayta topshirib baho olganini aytdi.
Fakultet dekanining ma’lum qilishicha, o‘sha yakuniy nazorat ishlari Samarqand viloyatida tekshirilgan.
Murojaatchi talabaning “Daryo" muxbiriga bildirishicha, u joriy yilning avgust oyida 6 ta fandan imtihonlarni qayta topshirish uchun universitetga kelgan. Ammo o‘qituvchilar qayta topshirish sentabr oyida bo‘lishini bildirgan.
— Sentabrda o‘qishga kelsam, kursdan qoldirilganimni bilyapman, — deydi sobiq talaba.
Tabiiy fanlar fakulteti dekani Bobur Boysunovning tushuntirishicha, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2018-yil 9-avgustdagi buyrug‘iga ilova qilingan Nizom talablariga ko‘ra, fanlardan akademik qarzdorligi 4 ta va undan ko‘p bo‘lsa, qayta topshirishga ruxsat berilmaydi. Ular oliy ta’lim muassasasi rektori buyrug‘iga binoan kursdan qoldiriladi.
Qarshi davlat universiteti rektori Bahodir Shoimqulovning 2019-yil 10-sentabrdagi buyrug‘iga muvofiq Shahnoza Malikovadan tashqari tabiiy fanlar fakulteti “Kimyo" yo‘nalishida tahsil oluvchi yana 3 nafar talaba kursdan kursga qoldirilgan. Bobur Boysunovning aytishicha, joriy o‘quv yili boshida fakultetda tahsil oluvchi 7 nafar talaba kursdan qoldirilgan.
Shahnoza Malikovaning ma’lumot berishicha, u bilan birgalikda kursdan qoldirilgan 3 nafar kursdoshi o‘qishini tashlab, xorijga ishlashga ketyapti.
Talaba Malikovaning iqroricha, fakultetda adolatsizlik ko‘p. O‘qituvchilar oraliq va yakuniy nazoratlar uchun talabalardan 15—20 ming so‘mdan pul oladi. Fan o‘qituvchisiga baho uchun beriladigan mablag‘ guruh sardori tomonidan yig‘iladi. Qolaversa, imtihon savollari doimiy ravishda sotiladi. Guruh sardori Elyor Kenjayev har safar imtihon savollarini olib kelib, kursdoshlariga sotib olganini, pul yig‘ishlari lozimligini aytgan.
Mazkur ayblovlarni rad etgan fakultet dekani Bobur Boysunov oraliq va yakuniy nazorat savollari o‘quv yili boshidan barchaga e’lon qilinishini bildirmoqda.
— Avgust oyida qayta topshirishga imkon berilmadi deyishmoqda, — deydi Shahnoza Malikova. — Ammo eng qizig‘i avgustda men bilan birga imtihonlarni topshirolmay yurgan Shahzod, Davron ismli kursdoshlarim ham o‘qishini davom ettirmoqda. Fakultetdagilarning aytishicha, ular qayta imtihon topshirgan.
Bobur Boysunovning aytishicha, fanlardan 3 tagacha akademik qarzdorligi bo‘lgan talabalarga qayta topshirish uchun imkoniyat berilgan. Va Shahnoza Malikova tilga olgan talabalar o‘sha 3 tagacha qarzdorligi mavjud bo‘lgan talabalar hisoblanadi.
Shahnoza Malikova o‘qishi davomida hayotida shaxsiy muammolari ko‘payib, turmushi notinch bo‘lib qolganini va bu haqda universitet rahbariyatini ham ogohlantirib tegishli hujjatlar taqdim qilganini aytyapti. Unga ko‘ra, oliygoh rahbariyati bunga e’tibor ham bermagan.
— Shahnoza Malikova qishki semestrda ham ko‘plab fanlardan baho ololmay qiynalgandi, ammo biz oilaviy ahvolini inobatga olib talabamizga yordam berdik, — deydi fakultet dekani. — O‘sha paytda talabamizni oilaviy muammolari qiynab qo‘yganini to‘g‘ri tushungandik.
Kursdan qoldirilgan talaba va u aytayotgan iddaolarga javob bergan fakultet rahbariyati o‘rtasidagi mojaroga xulosa berish fikridan yiroqmiz. Har doimgidek so‘nggi so‘zni mas’ullardan, bu safar esa Oliy ta’lim vazirligidan eshitamiz.