O‘zbekiston ta’limni tan olish Tokio Konvensiyasiga qo‘shiladi


Bugungi kunda hujjatlarni nostrifikatsiya qildirish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga bo‘layotgan murojaatlar soni yildan-yilga oshib bormoqda. Jumladan, 2017 yilda 1219 ta murojaat bo‘lib, shundan 447 ta hujjat nostirifkatsiya qilingan bo‘lsa, 2018 yilda 2547 ta murojaatdan 1189 tasi nostrifikatsiya qilingan. Ma’lumki, dunyoda ta’lim oluvchilar, oliy ta’lim talabgorlari, ilmiy tadqiqot olib boruvchilar yoki bir mamlakatdan boshqasiga borib o‘qiyotgan va ishlayotganlar soni 5 mln. dan oshib ketayotganligi mamlakatlar o‘rtasida oliy ta’lim olishni ta’minlash uchun bir xil yondashuvni, tan olish talablarini soddalashtirishni, ushbu yo‘nalishdagi munosabatlarni muvofiqlashtirish ehtiyojini vujudga keltirmokda.

Shunga muvofiq, joriy yilning 23 aprel kuni Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining Osiyo va Tinch okeani hududlari bo‘yicha ta’limni tan olish Tokio Konvensiyasiga qo‘shilish masalasiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Ushbu tadbirda YuNESKO tomonidan taklif etilgan xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi. Unda mamlakatimizda amalda bo‘lgan xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risida hujjatlarni tan olish bo‘yicha me’yorlarni xalqaro talablarga moslashtirish, Milliy axborot markazini tashkil etish, ularning elektron bazasini yaratish, xalqaro elektron bazalarga ulanish, Xalqaro konvensiyalar, jumladan Tokio Konvensiyasini ratifikatsiya qilish kabi masalalalar muhokama qilindi.

Tadbirning birinchi kuni Ta’lim siftaini nazorat qilish davlat inspeksiyasida kichik davrada va ikkinchi kuni esa Interkontinental mehmonxonasida seminar o‘tkazildi. Seminarda O‘zbekiston Respublikasi osh vaziri o‘rinbosari A.Abduhakimov, Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i U.Tashkenbayev, YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va mamlakatmizning turli vazirlik hamda idoralarning mutasaddi vakillari ishtirok etishdi.

Eslatib o‘tamiz, Parijdagi YuNESKO tashkiloti tomonidan «Ta’lim sohasidagi malakalarni tan olishga doir Global Konvensiya» loyihasi tayyorlanib muhokamadan o‘tkazilmoqda va u YuNESKOning 2019 yilning noyabr oyida o‘tkaziladigan 40-yalpi Konferensiyasida qabul qilinishi rejalashtirilgan. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiya mutaxassislari Parijda Global Konvensiya loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada qatnashib tajribalarni o‘rganib kelishgan edi.

Bugun ushbu masalada 58 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan Lissabon konvensiyasi hamda Osiyo va Tinch okeani hududlari bo‘yicha Tokio, Afrika davlatlari uchun Addis Konvensiyalari amalda qo‘llanilib kelinmokda. Barcha konvensiyalar YuNESKO tomonidan muvofiqlashtiriladi. Muhokamadagi Global konvensiya loyihasi ulardan farqli ravishda xudud tanlamagan xolda tartib belgilashga qaratilgan.

Konvensiyani amalga oshirish va xalqaro hamkorlik qilish uchun milliy strukturani takomillashtirish, ularni ta’limning barcha bosqichlari bo‘yicha ma’lumotlar bilan to‘ldirish, ta’lim, oliy ta’lim muassasalari, o‘quv dasturlari, ta’lim oluvchilari va professor o‘qituvchilari hamda har bir oliy ta’lim muassasalarining saytlarini muntazab yangilab borish kabi vazifalar ham ushbu konvensiya mazmunidan kelib chiqadigan vazifalarga aylandi. Chunki Konvensiya ratifikatsiya kilinishi davlatlar o‘rtasida ta’limning barcha bosqichlari, ayniqsa oliy ta’lim bo‘yicha hujjatlar, malaka va o‘quv dasturlari kabi so‘raladigan har kanday ma’lumotlarni o‘z vaqtida va sifatli takdim etilishi lozimligini belgilaydi.

2018 yil oktyabr oyida Osiyo va Tinch okeani a’zo-davlatlari malakani tan olish orqali “oliy ta’lim mobilligi va xalqarolashuvining yangi davri"ni e’lon qildi (Seul bayonoti). 2018 yil 1 fevraldan kuchga kirgan ta’limni tan olishga bo‘yicha Tokio konvensiyasi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi va undan tashqarida joylashgan davlatlar orasida talabalarning chegaralararo mobilligi masalasini siyosiy va amaliy jihatdan uyg‘unlashtirish imkoniyatlarini yaratadi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 16 yanvardagi «Ta’lim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4119-sonli qarori doirasida Ta’lim inspeksiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining qo‘shma qarori bilan xalqaro tan olingan tashkilotlarning reytingida birinchi 1000talikka kiritilgan oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati tasdiqlandi. Unga ko‘ra ushbu OTMlari bitiruvchilarining ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarini nostrifikatsiyalash to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Matbuot xizmati