O‘zbekiston OTMlari Istanbul texnika universiteti bilan hamkorlik qiladi


Malakali kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot faoliyatida o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida Istanbul texnika universiteti rektori Mexmet Karaja boshchiligidagi Turkiya Respublikasi delegatsiyasi 2018 yilning 18-20 dekabr kunlari Toshkent shahriga ilk bor tashrif buyurdi. 

Istanbul texnika universiteti texnika yo‘nalishida malakali kadrlar tayyorlaydigan Turkiyaning eng katta universitetlaridan biri hisoblanadi. 1773 yida tashkil topgan ushbu oliy ta'lim muassasasi infratuzilmasi, ilmiy salohiyati, fakultetlar  va talabalar soni hamda mashhur bitiruvchilari bilan nafaqat mamlakat balki ko‘hna qit'aning eng nufuzli universitetlaridan biri hisoblanadi. 

Tashrif doirasida Istanbul texnika universiteti delegatsiyasi a'zolari I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, M.Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti hamda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetiga tashrif buyurib, respublikamiz oliy ta'lim tizimida olib borilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishdilar hamda ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar. 

Istanbul texnika universiteti rektori Mexmet Karaja Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida mavjud texnopark imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi hamda ushbu oliygohda poytaxt oliy ta'lim muassasalarining rektorlari, innovatsiyalar va ilmiy ishlar bo‘yicha prorektorlari, doktorantlar va magistrantlar uchun oliy ta'lim muassasasini ilg‘or texnologiyalar asosida rivojlantirish hamda yangi bosqichga olib chiqish strategiyasi to‘g‘risida ma'ruza qildi. 

Janob Mehmet Karaja, o‘z ma'ruzasida, oliy ta'lim muassasalarida texnoparklar tashkil etish orqali ishlab chiqarishning turli tarmoqlari uchun innovatsion g‘oyalar va ilg‘or ishlanmalarni yaratish, ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalarini tijoratlashtirish asosida oliy ta'lim muassasasining moliyaviy barqarorligini ta'minlash hamda oliy ta'lim muassasasi talabalari (bitiruvchilari) tomonidan “nou-xau"lar yaratilishi orqali kichik ishlab chiqarish firmalarini tashkil etish ko‘nikmalarini shakllantirish yuzasidan Istanbul texnika universiteti tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. 

Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduxakimov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Turkiya Respublikasi delegatsiyasi a'zolari bilan ikki davlat oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikka asos solish, talabalar va professor-o‘qituvchilar akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish, texnika sohasiga ixtisoslashtirilgan qo‘shma fakultet (Toshkent davlat texnika universiteti bilan birgalikda) hamda hamkorlikdagi ilg‘or texnoparklarni (texnika yo‘nalishidagi oliy ta'lim muassasalari konsorsiumi asosida) barpo etish bilan bog‘liq qator masalalar muhokama qilindi. 

Shuningdek, Istanbul texnika universitetida yaratilgan shart-sharoitlar hamda ta'lim jarayonining tashkil etilishi bilan tanishish, o‘quv dasturlarining mutanosibligini tahlil qilish  va taqqoslash (qo‘shma fakultet tashkil etish uchun), ilm-fanning ishlab chiqarish bilan integratsiyasini o‘rganish maqsadida Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti hamda M.Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari, o‘quv-uslubiy boshqarma boshliqlari, professor-o‘qituvchilari va olimlarini Istanbul shahriga yaqin kunlarda xizmat safariga yuborishga kelishildi. 

Istiqbolda, akademik almashinuvni amalga oshirish, qo‘shma ta'lim dasturlari va fakultetlar, ilg‘or texnoparklarni tashkil etishda nurli terapiya (jumladan, proton tezlatgichlari asosidagi tibbiyot asbob-uskunalarida insonlarni davolash), ta'lim va ishlab chiqarish sohasi (jumladan, muhandislik fizikasi, kimyo, mikroelektronika, biotexnologiya sohalarida yangi ishlanmalarni yaratish va bu orqali yaratiladigan mahsulotning lokalizatsiyasini ta'minlash), qishloq hujaligi (genetika va gen injyeneriyasi), arxitektura va qurilish, dizayn, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (IT-texnologiyalari) yo‘nalishlarida hamkorlik qilish rejalashtirildi.

Ma'lumot uchun: Bugungi kunda Istanbul texnika universitetida 360 ta laboratoriya, 13 ta ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat yuritadi. Ta'lim jarayoni akreditatsiyalangan 23 ta muhandislik dasturlari asosida amalga oshiriladi. Universitetda fan tarmoqlari va texnologiyaga yo‘naltirilgan 200 dan ortiq ilmiy-tadqiqot dasturlari bajariladi.

Manba: kun.uz