O‘qishga imtiyoz bir yoshni quvontirsa, mingni xafa qiladi. Bunday imtiyoz nega kerak?


O‘qishga imtiyoz bir yoshni quvontirsa, mingni xafa qiladi. Bunday imtiyoz nega kerak?

Yurtimizda millionlab yosh yigit-qizlar ko‘nglida bir olam orzu bilan oliy taʼlim muassasasiga o‘qishga kirishni istaydi. Bu yil qanday yangilik bo‘lar ekan, qabul o‘rinlari ko‘payarmikan, degan savollarga javob topish ilinjida intizor bo‘ladi. Ularning aksariyati o‘qishga kira olmasa, kelajagi, taqdiri qanday davom etishini bilmay, chuqur xavotirga tushadi.

Kechagina ommaviy axborot vositalari orqali oliy o‘quv yurtlariga qabul haqida batafsil axborot berildi. Har tugul qabul o‘rinlari o‘tgan yilgiga nisbatan oshgani ko‘plab yoshlarni quvontirdi. Lekin, menimcha, o‘qishga kirishda imtiyozlar berilishi to‘g‘risidagi yangiliklar chin dildan o‘qib, tayyorgarlik ko‘rib yurgan yoshlarimizni o‘ylantirib qo‘ydi, hatto qalbini og‘ritdi. Ularning o‘ylari, og‘riqlarini tushunishimiz kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida barcha fuqarolar teng huquqqa ega ekanliklari belgilangan. Demak, ota-onasi qayerda xizmat qilishi yoki fuqaroning ayrim yutuqlarga ega bo‘lishi Konstitutsiyada belgilangan meʼyordan ustun qo‘yilishi mumkin emas.

Nima uchundir maktabni aʼlo baholarga bitirib, oltin medal sohibi bo‘lgan abituriyentga hech qanday imtiyoz yo‘q, lekin respublika fan olimpiadalari g‘oliblariga imtiyoz belgilangan. Yoki bo‘lmasam, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibalariga belgilangan imtiyoz. Agar shu tanlovda oliy taʼlimga imtihonsiz kirish imtiyozi bekor qilinsa, tanlovda qatnashuvchi qizlar tarkibi qanday o‘zgarar ekan?..

Mudofaa va huquq-tartibot idoralari tizimidagi xodimlar farzandlari uchun belgilangan imtiyozni ham tushunish qiyin. Shundog‘am bu tizimlardagi xodimlar katta imtiyozlarga ega. Endi ularning hisobidan farzandlariga ham imtiyoz berilishi qanchalik ijtimoiy adolat tamoyiliga to‘g‘ri keladi?.. Aytaylik, oddiy dehqon yoki bog‘bonning o‘qishni dunyodagi hamma narsadan ko‘proq istaydigan qora ko‘z farzandi kimlargadir imtiyoz berilgani uchungina “yiqilsa", jamiyat, siz bilan biz unga adolatsizlik qilgan bo‘lmaymizmi? Bunday farzandlarning qalbi sinmaydimi? Dili og‘rimaydimi?..

Menimcha, harbiy xizmatni namunali o‘taganlik uchun tavsiya asosidagi imtiyozni ham faqat harbiy sohadagi taʼlimni davom ettirishga tatbiq etish lozim. Chunki ana shunday imtiyoz egalari hisobiga haqiqiy bilim va qobiliyatga ega, eng muhimi, o‘zi tanlagan soha bo‘yicha yillab tayyorgarlik ko‘rgan yigit-qizlar oliy taʼlimda o‘qish baxtidan benasib bo‘lib qolmoqdalar.

Fikrimcha, qayerda o‘rinsiz imtiyoz yaratilsa, o‘sha joyda korrupsiya, degan baloga keng eshik ochiladi. Shuning uchun ham uzoq hayot yo‘lining boshida turgan farzandlarimizni korrupsiya og‘usi bilan sug‘ormaylik, boshqalarini esa adolatsizlik bilan hayotdan norozi qilmaylik.

Maqsuda Vorisova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi aʼzosi