O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va xizmat davomida yuqori natijalarga erishgan fuqarolarga harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan tavsiyanoma beriladi.
Ushbu tavsiyanomaga ega abituriyentlar oliy ta’lim muassasalariga kirishda bir qator imtiyozlardan foydalanishi mumkin.
Amaldagi tartibga ko‘ra, harbiy tavsiyanomaga ega fuqarolar uchun oliy ta’lim muassasalarida, harbiy ta’lim muassasalari bundan mustasno, qabul parametrlaridan tashqari alohida qabul ko‘rsatkichlari belgilanadi.
Bu ko‘rsatkichlar har bir oliy ta’lim muassasasining har bir ta’lim shakli — kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha alohida shakllantiriladi.
Tavsiyanomaga ega abituriyentlar dastlab ushbu alohida kvota doirasida tanlovda ishtirok etadi. Agar abituriyent mazkur kvota asosida talabalikka tavsiya etilmasa, u umumiy tanlovda boshqa abituriyentlar qatorida qayta ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
Oliy harbiy ta’lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abituriyentlar uchun esa boshqa tartib amal qiladi. Bunda ularga test sinovlarida to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball beriladi.
Masalan, abituriyent test sinovida 120 ball to‘plagan bo‘lsa, unga qo‘shimcha 60 ball qo‘shiladi. Natijada uning umumiy bali 180 ballni tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan beriladigan tavsiyanomaning amal qilish muddati 3 yil hisoblanadi.