Kollej va texnikum o‘quvchilari uchun stipendiya joriy etilishi mumkin


O‘zbekistondagi kollej va texnikum o‘quvchilari uchun stipendiya joriy etilishi kutilmoqda. Bu bo‘yicha prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Loyihaga ko‘ra, dual ta’lim shaklini joriy qilgan professional ta’lim muassasalariga ichki imkoniyatidan kelib chiqib o‘quvchilar uchun stipendiya yoki moddiy rag‘batlantirishlar joriy etish vakolati beriladi.

Buning uchun muassasa o‘zining tegishli bo‘ysinuvdagi vazirlik yoki idora bilan kelishishi lozim bo‘ladi.

Mablag‘larni ta’lim muassasalarining o‘zi quyidagilar hisobiga mustaqil shakllantirishi mumkin bo‘ladi:

- bo‘sh bo‘lgan o‘quv xonalari, ishlab chiqarish ustaxonalarini o‘quv kurslari tashkil etish, mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun 5 yilgacha bo‘lgan muddatga ijaraga berish;

- muassasaning o‘quv-amaliyoti jarayonida ishlab chiqarilgan mahsulotlarini (xizmatlarni) namoyish qilish va sotish.

Professional ta’lim muassasalariga o‘z ta’sischiligidagi ma’suliyati cheklangan jamiyatlarni tashkil etish huquqi beriladi.

Stipendiya ajratish tartibini Moliya vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2022 yil 1 avgustga qadar ishlab chiqishi ko‘zda tutilgan.