So‘nggi kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-son qarori asosida Prezident stipendiyasi hamda nomli davlat stipendiyalarini tayinlash tartibiga kiritilgan o‘zgarishlar yuzasidan talabalar tomonidan ko‘plab savol va murojaatlar kelib tushmoqda.
Mazkur qarorga muvofiq, Prezident stipendiyasi va boshqa nomli davlat stipendiyalarini tayinlashning yangilangan tartibi tasdiqlangan bo‘lib, unda stipendiyaga talabgorlar uchun axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi hamda xorijiy tillar fanlari bo‘yicha maxsus test sinovlarini joriy etish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, muhim jihatga alohida e’tibor qaratish lozim. Ushbu yangi tartib va baholash mezonlari 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab amaliyotga tatbiq etiladi. Ya’ni, mazkur talablar kelgusi o‘quv yillarida stipendiya tanlovlarida ishtirok etadigan talabgorlarga nisbatan qo‘llanadi.
2025/2026 o‘quv yili uchun esa amaldagi tanlov jarayonlari avval belgilangan tartib asosida yakunlanadi. Xususan, nomli davlat stipendiyalari bo‘yicha tanlovlarning oliy ta’lim muassasasi bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan hamda hujjatlari belgilangan tartibda respublika bosqichiga taqdim etilgan talabalarga nisbatan axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi va xorijiy tillar bo‘yicha maxsus test sinovlari o‘tkazilmaydi.
Shu tariqa, joriy o‘quv yilida stipendiya tanlovlarida ishtirok etayotgan talabalar uchun qo‘shimcha test sinovlari joriy etilmaydi va jarayon avvalgi talablarga muvofiq davom ettiriladi.