2025 yil 8 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlari izchil rivojlantirilmoqda. Yangi maktablar, bog‘chalar, oliy ta’lim maskanlari barpo etilmoqda, o‘quv dasturlari zamonaviylashtirilmoqda. Biroq bu jarayon uzluksiz bo‘lib, doimiy yangilanish va qo‘shimcha islohotlarni talab etadi.
Yagona milliy g‘oya konsepsiyasi
Ta’lim faqat bilim berish bilan cheklanib qolmaydi, balki yoshlarning tarbiyasi va ma’naviy kamolotini ham o‘z ichiga oladi. Ayni paytda ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar turlicha tashkil etilib kelmoqda. Shu bois, bolalar bog‘chasidan tortib oliy ta’limgacha yagona milliy g‘oya konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Bu konsepsiya:
-
barcha ta’lim muassasalarida yagona tartib va yondashuvni joriy etadi;
-
ortiqcha tadbirlar sonini kamaytiradi;
-
yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish imkonini beradi.
Yagona tizim asosida “Kelayajak” markazlari tashkil etilib, ular “Barkamol avlod” bolalar maktabi, Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi va “Yoshlar” jismoniy tarbiya jamiyatini birlashtiradi. Shu bilan birga, maktablarda “maslahatchi” lavozimi joriy etilib, o‘quvchilarning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanadi.
Maktabgacha ta’limni kengaytirish
So‘nggi sakkiz yil ichida maktabgacha ta’lim qamrovi sezilarli oshdi – bog‘chalardagi o‘rinlar soni 2,5 milliontaga ko‘payib, qamrov 78 foizga yetdi. Rejaga ko‘ra, har yili qo‘shimcha 20 ming o‘rin yaratiladi.
Rejalashtirilayotgan choralar:
-
yangi uy-joy qurilishida aholiga mutanosib bog‘chalar qurish;
-
maktabgacha ta’lim muassasalarida duallik asosidagi ta’lim tizimini joriy etish;
-
xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar qurilishiga ruxsat berish;
-
tadbirkorlarga bepul yer uchastkalari va 7 yilgacha imtiyozli kreditlar berish.
2026–2028 yillarda esa 14 ta hududda “Yangi avlod” nomli maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i yo‘lga qo‘yiladi.
Muhandislik va STEM ta’limi
Prezident taqdimotda iqtisodiyotning kelajak ehtiyojlaridan kelib chiqib, muhandislik va texnika yo‘nalishlariga katta e’tibor qaratish zarurligini alohida ta’kidladi.
Rejaga ko‘ra:
-
14 ta hududda muhandislik maktablari tashkil etiladi;
-
bu maktablarga bolalar imtihon orqali qabul qilinadi va davlat hisobidan o‘qitiladi;
-
“Yangi O‘zbekiston” universiteti hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida 5 yillik STEM dasturi joriy qilinadi.
2026-yildan boshlab har yili umumta’lim maktablari o‘rtasida “Ilg‘or muhandislik maktabi” tanlovi o‘tkaziladi. Bundan tashqari, tabiiy fanlarni chuqur o‘qitishga mo‘ljallangan ixtisoslashgan maktablar barpo etiladi. Toshkentdagi Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab tayanch markaz sifatida tanlandi.
Yaqin yillarda Toshkent shahrida:
-
N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali,
-
“ToshTech” texnika universiteti,
-
Olmaliq davlat texnika instituti faoliyatini boshlaydi.
Pedagogika yo‘nalishidagi talabalar uchun rag‘bat
Taqdimotda ta’kidlangan muhim yangiliklardan biri — Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etilishi bo‘ldi.
-
Stipendiya pedagogika yo‘nalishida o‘qiyotgan 3–4-kurs talabalari uchun mo‘ljallangan.
-
Ularning a’lo baholari va ilmiy izlanishlari e’tiborga olinadi.
-
Mazkur stipendiya yoshlarni o‘qishga va ilmiy faoliyatga yanada rag‘batlantirishga qaratilgan.
Ilm-fan va innovatsiyalar
Taqdimotda oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Doktorantura kvotalari endi mamlakatning ustuvor rivojlanish yo‘nalishlaridan kelib chiqib belgilanadi.
Fanlar akademiyasi faoliyati kuchaytiriladi. U fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish, ilmiy ishlanma natijalarini amaliyotga tatbiq etishda muhim o‘rin egallaydi.