IIV Akademiyasida bakalavriat va magistraturani o‘z ichiga oluvchi ikki bosqichli oliy ta'lim tizimi joriy etiladi


O‘zbekiston prezidenti «Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qarorga muvofiq, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasida kadrlarni tayyorlash jarayoniga bakalavriat va magistraturani o‘z ichiga oluvchi ikki bosqichli oliy ta'lim tizimi joriy etiladi.

Hujjatda belgilanishicha:

  • Akademiyadagi ta'lim tizimi kadrlarni maqsadli kasbiy tayyorlashga qaratiladi hamda birinchi kursdan boshlab mutaxassislik va yuridik fanlarni o‘qitish, jangovar va jismoniy jihatdan tayyorlash chuqurlashtirilgan holda amalga oshiriladi;
  • Akademiyaning bakalavriat dasturi bo‘yicha o‘qitish kunduzgi va sirtqi ta'lim shakllarida tashkil etiladi, shuningdek, ularga o‘qishga qabul qilish ichki ishlar vazirining o‘rinbosari raisligida tashkil etiladigan maxsus kasbiy tanlov va ochiqlik mezonlari asosida yakka tartibdagi suhbat orqali amalga oshiriladi;
  • Akademiyaning magistratura dasturi bo‘yicha o‘qitish ichki ishlar organlarining rahbar kadrlarini tayyorlashga qaratiladi hamda ikkinchi darajadagi «tashkiliy-taktik boshqaruv» va birinchi darajadagi «tashkiliy-strategik boshqaruv» yo‘nalishlarida tashkil etiladi;
  • magistratura dasturining har bir yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati bir yilni tashkil etib, ta'lim oluvchilarga oxirgi egallab turgan lavozimi uchun belgilangan pul ta'minoti saqlanadi va bitiruvchilarga oliy ta'limning ikkinchi bosqichini tamomlaganini tasdiqlovchi diplom beriladi;
  • ichki ishlar vazirining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlariga bir oyda kamida bir marotaba Akademiya magistraturasida auditoriya o‘quv mashg‘ulotlarini bevosita o‘tkazish vazifasi yuklanadi;
  • birinchi darajali magistraturaning ta'lim oluvchilari Ichki ishlar vazirligi departament boshliqlari, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlarining bevosita murabbiyligida majburiy tartibda amaliyot (stajirovka) o‘taydi, shuningdek, xorijiy huquq-tartibot idoralari ta'lim muassasalarining boshqaruv malakasini oshirishga qaratilgan kurslarida tahsil oladi;

Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalarining muqaddam faoliyat ko‘rsatgan magistraturasi, oliy akademik kurslari va rahbar kadrlarni tayyorlash fakulteti (oliy kurslari)ni tamomlaganlik xizmatni o‘tash masalalarida mazkur qaror bilan joriy etilayotgan ikkinchi darajadagi magistraturaga tenglashtiriladi.