“O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi Prezident qarori (PQ–282-son, 18.08.2023-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra:
- 2024/2025-o‘quv yilidan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
- Akademiyada Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti tashkil etiladi.
Qaror bilan bu bo‘yicha nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, Akademiyada xorijiy kadrlarga ta’lim berish ikki va ko‘p tomonlama xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Akademiyada xorijiy kadrlar uchun yillik qabul kvotalari Prezident tomonidan belgilanadi.
Xorijiy davlatlar kesimidagi har yilgi kvota, mutaxassislik va o‘qitish turi bo‘yicha taqsimot Ichki ishlar vazirligi tomonidan Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
Akademiyaga xorijiy kadrlar kirish imtihonlarisiz o‘qishga qabul qilinadi.
Xorijiy kadrlarga o‘zbek, rus va ingliz tillarida ta’lim beriladi.
Xorijiy kadrlarni tayyorlash bakalavriat, magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim dasturlari bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida, qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlari bo‘yicha kunduzgi va masofaviy shakllarda amalga oshiriladi.
Bakalavriat ta’lim dasturlarini o‘zlashtirgan xorijiy kadrlarga mutaxassisligi bo‘yicha malaka, belgilangan davlat namunasidagi diplom va ko‘krak nishoni beriladi.
Magistratura ta’lim dasturlarini o‘zlashtirgan xorijiy kadrlarga tegishli magistr darajasi hamda belgilangan davlat namunasidagi diplom va ko‘krak nishonlari beriladi.
Tayanch doktorantura dasturini o‘zlashtirgan va belgilangan tartibda dissertatsiya himoya qilgan xorijiy kadrlarga tegishli fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi beriladi.
Qisqa muddatli kurslarni tamomlagan xorijiy kadrlarga belgilangan namunadagi guvohnomalar (sertifikatlar) beriladi.
Shuningdek, o‘qishga qabul qilingan vaqtda:
- ofitserlik unvoniga ega bo‘lmagan, bepul asosda ta’lim oluvchi xorijiy kadrlarga “Akademiya kursanti" lavozimi bo‘yicha pul ta’minoti beriladi.
- ofitserlik unvoniga ega bo‘lgan, bepul asosda ta’lim oluvchi xorijiy kadrlarga, ta’lim olish muddati va kursidan qat’i nazar;
- magistratura ta’lim darajasiga muvofiq keluvchi ta’lim dasturi va doktorantura dasturi bo‘yicha – “katta inspektor" lavozimi va unga tenglashtirilgan lavozimlar bo‘yicha lavozim maoshi;
- qo‘shimcha kasbiy tayyorgarlik (qayta tayyorlash va malaka oshirish) dasturlarida – “inspektor" lavozimi va unga tenglashtirilgan lavozimlar bo‘yicha lavozim maoshi to‘lanadi.