IIV akademik litseyiga qanday kiriladi: 2026 qabul jarayoniga oid to‘liq ma’lumotlar


2026-yil 1-fevraldan IIV akademik litseylariga kirish istagini bildirgan nomzodlardan arizalar qabul qilish boshlanadi va 15-aprelgacha davom etadi. Bu davrda maktabning 9-sinfini tamomlayotgan o‘quvchilar o‘z hududidagi litseyga murojaat qiladi va Qabul komissiyasi bilan birga boshlang‘ich hujjatlarni tayyorlaydi.

Respublikada 14 ta IIV akademik litseyi faoliyat yuritadi: har bir viloyatda 1 tadan, shuningdek Toshkent shahrida 1 ta va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ta. O‘qish muddati 2 yil.

Qabul jarayoni bir necha bosqichdan iborat. Dastlab nomzod psixologik testdan o‘tadi. Bu bosqichda 1 marta qayta topshirish imkoniyati bor. Psixologik testdan o‘tolmagan nomzodlar keyingi bosqichga o‘tkazilmaydi. Keyingi bosqich tibbiy ko‘rik hisoblanadi.

Shundan so‘ng litseyning o‘zida Maxsus-professional tanlov o‘tkaziladi. Unda nomzodlardan diktant olinadi va maksimal 5 ball beriladi. Keyin jismoniy tayyorgarlik sinovlari bo‘ladi: 100 metr yugurish, 2000 metr yugurish va turnik. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha umumiy maksimal baho ham 5 ball. Bundan tashqari, yakuniy suhbat o‘tkaziladi. Suhbat fanlari: Tarix, Ona tili va adabiyot, Huquq. Yakuniy suhbat uchun ham maksimal 5 ball beriladi.

Uch bosqich: Diktant (5) + Jismoniy tayyorgarlik (5) + Suhbat (5) = 15 ball. Shu uch yo‘nalishdan kamida 9 ball to‘plagan nomzodlar DTM bosqichiga o‘tadi.

DTM test fanlari tanlangan yo‘nalishga bog‘liq:

  • Ijtimoiy-gumanitar yo‘nalish: Tarix, Chet tili, Ona tili

  • Axborot xavfsizligi yo‘nalishi: Matematika, Informatika, Chet tili

DTM natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan nomzodlar IIV tomonidan ajratilgan kvota asosida litseylarga qabul qilinadi.

Litsey bitiruvchilari uchun bir qator imtiyozlar nazarda tutilgan: JXU va Yong‘in xavfsizligi institutiga kirishda 15% qo‘shimcha ball, IIV Akademiyasiga maxsus-professional tanlov va yakuniy suhbat orqali qabul qilinish imkoniyati, bitiruvdan so‘ng imtiyozli tartibda 1 oylik harbiy xizmatni o‘taganidan keyin harbiy guvohnoma rasmiylashtirilishi, hamda IIV safdorlik lavozimlariga ishga qabul qilishda ustunlik.