Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etiladi


Bosh prokuratura akademiyasi negizida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilmoqda. TDYuUning ixtisoslashtirilgan filiali tugatilib, shtat birliklari, o‘quv va moddiy-texnika bazasi akademiyaga o‘tkaziladi. Bakalavriat – 3 yil, magistratura – 1 yil. Imtiyozli abituriyentlarning imtiyozi bu akademiyaga o‘tmaydi.

“Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.

Bosh prokuratura akademiyasi negizida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilib, unda jinoyatlarni tergov qilish sohasida kadrlarni amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlagan holda yagona yondashuv asosida tayyorlashga qaratilgan uzluksiz o‘quv tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali tugatilib, shtat birliklari, o‘quv va moddiy-texnika bazasi akademiyaga o‘tkaziladi. Akademiya Bosh prokuratura tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi, yuridik shaxs maqomiga ega, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

Jinoyatlarni tergov qilish sohasida mutaxassislarni chuqurlashtirilgan maqsadli bazaviy tayyorlash va tergov hamda huquqni muhofaza qilish faoliyati boshqa sohalarida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish akademiya faoliyati asosiy yo‘nalishlaridan biridir.

2023/2024 o‘quv yilidan akademiyada tergov faoliyati va huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida bakalavriat (3 yil) va magistratura (1 yil) bo‘yicha o‘quv jarayoni tashkil etiladi. Bunda, qabul kvotalari bakalavriat bo‘yicha – 250 nafargacha talaba, magistratura bo‘yicha – 50 nafargacha oliy yuridik ma’lumotli vakolatli davlat organlari xodimlarini tashkil etadi.

Akademiya qabul parametrlari har yili prezident tomonidan belgilanadi. Akademiyaga qabul qilishda abituriyentlar muayyan toifalariga respublika boshqa OTMga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi. Vakolatli davlat organlari xodimlari uchun akademiyada tegishli o‘quv dasturlari bo‘yicha kasbiy qayta tayyorlash va malaka oshirish majburiy tartibi joriy qilinadi.