Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yoshlarimiz haqli ravishda vatanimizning kelajagi uchun javobgarlikni zimmasiga olishga qodir bo‘lgan, bugungi va ertangi kunimizning hal etuvchi kuchiga aylanib borayotgani barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi", degan so‘zlari yurtimiz yoshlariga nisbatan bildirilgan yuksak ishonch va e’tiborning namunasidir.
2022-yilning 18-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida bitiruvchi kursantlarga diplom va leytenant harbiy unvonini topshirish tantanali tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, mas’ul xodimlari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar va kursantlar, Vazirlik Matbuot xizmati xodimlari, keng jamoatchilik hamda Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev hamda Akademiya boshlig‘i general-polkovnik Qobul Berdiyev so‘zga chiqib, o‘z nutqlarida O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida" va “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida"gi qonunlar yurtimizda oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlarni har tomonlama yetuk, mas’uliyat va burchini chuqur his qiladigan hamda o‘z kasbini sevib ardoqlaydigan, fidoyi insonlar qilib tarbiyalash uchun keng imkoniyatlarni yaratib berayotganini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, muhtaram Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida"gi 60-sonli Farmonida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish bo‘yicha 8 ta ustuvor yo‘nalish belgilanganligini e’tirof etdilar.
So‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalari ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy ta’limda ilm-fanni yanada rivojlantirish, uning akademik ilm-fan bilan integratsiyalashuvini kuchaytirish, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ushbu islohotlar jarayonida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish sohasida kadrlar tayyorlash masalasiga qaratilayotgan e’tiborni ham alohida qayd etish joiz. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi Farmoni alohida ahamiyat kasb etib, bugungi kunda mustaqil vatanimiz hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, dunyo mamlakatlari orasida yurtimiz obro‘-e’tiborining tobora yuksalib borishi, farzandlarimizning intellektual salohiyat egasi, o‘z kasbining mohir ustasi, hech kimdan kam bo‘lmagan avlod bo‘lib yetishishlari uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Bitiruvchilarga diplom va leytenant harbiy unvoni generallar tomonidan tantanali ravishda topshirildi. Ha, yosh ofiser uchun general qo‘lidan diplom va harbiy unvon olish katta ishonch va faxr-iftixor desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu lahzalar ularning hayotida bir umrlik oltin sahifalar bo‘lib qoladi. Bu o‘quv yilida “Yong‘in xavfsizligi" va “Texnosfera xavfsizligi" mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil olgan 150 nafar bitiruvchilardan 5 nafari imtiyozli diplom bilan bitirdilar.
Tantana davomida so‘zga chiqqan bitiruvchilar va ularning ota-onalari, taklif etilgan mehmonlar o‘zlarining his-hayajonga to‘la tilaklarini izhor etib, yosh ofitserlarni samimiy muborakbod etishdi: Tadbir shodiyonasi Akademiya orkestri ijrosidagi Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlarga ulanib ketdi. O‘z o‘rnida, yosh ofitserlarimizni bitiruv ayyomi bilan qizg‘in qutlab, ofiserlik diplomi va birinchi “leytenant" harbiy unvoni muborak bo‘lsin, deb qolamiz.
— Bugun biz, yosh ofitserlarning, quvonchimiz cheksiz, — Bizni voyaga yetkazgan ota-onalarimizga, ta’lim-tarbiya bergan ustozlarimizga, barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan muhtaram Prezidentimizga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz — deydi bitiruvchi leytenant Sardorbek Tohirov – Albatta, xalqimizning tinch-osuda hayotini, sog‘ligini asrashdek baxtli kasb bo‘lmasa kerak, biz ana shunday qutqaruvchilikdek sharafli kasbni egallab, yetuk kadrlar bo‘lib yetishganimizdan va Ona Vatanimiz ravnaqiga o‘z hissamizni qo‘shayotganligimizdan faxrlanamiz, davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan yaratib berilayotgan keng imkoniyat va qulay shart-sharoitlarga javoban, xizmat faoliyatimizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etishga va’da beramiz.
— Bugun farzandim Islombek ofitserlik unvonini olib, mustaqil hayotga yo‘l olayotganidan boshim ko‘kka yetdi — deydi polkovnik Nurjan Bekbaum — O‘zim ham shu sohada mehnat qilayotganligim sababli bizning oilamizda ham ushbu kasbga xos bo‘lgan muhit shakllangan va shu ruhda voyaga yetgan. Ishonamanki, farzandlarim jonajon Vatanimiz va xalqimiz xizmatida bo‘lib, ushbu oliy dargohda olgan nazariy bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llab, mustaqil yurt osoyishtaligini ta’minlashga bor kuch va shijoatlarini safarbar etadilar.
Mayor Farhodjon XO‘JAYEV,
Akademiya katta o‘qituvchisi.