Hey sen byudjetnik buyoqqa kel! O‘o‘o‘o‘o‘ falon chekka hududga borib, kambag‘allikka qarshi kurashasan


Bugun prezident Xitoy tajribasidan kelib chiqib, kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan qishloqlarga vazirlik va idoralarni biriktirib, muhtojlarga ko‘maklashish tizimini yaratish, oilaviy tadbirkorlik va tomorqachilikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar beribdi. Davlat granti hisobiga tahsil olgan talabalarni 3 yil muddatga shunday hududlarga mehnat faoliyati uchun yo‘naltirish taklifi bildirilibdi.

Ko‘p hollarda bilimi mustahkam abituriyentlar davlat granti asosida o‘qishga kiradi. U uxlamay o‘qib shu rezultatga erishadi. Ko‘pi oddiy oilalardan chiqqani sabab ham nisbatan kurashuvchanroq, o‘sishga intiluvchan bo‘ladi. Oliygohda taʼlim olish jarayonida ham yaxshi bilim egallashadi. Shaxsiy kuzatuvlarim natijasi bu. Ulardan markaziy apparatlarda foydalanish samara beradi. Tepaning o‘zi o‘zgarmaydigan bo‘lsa, ularning chekka “front"larda kurashishi befoyda. Bu borada o‘zi davlat kadrlar siyosatini tezroq ko‘rib chiqishi kerak edi. 1997 yilda qabul qilingan, bir tiyinga qimmat dastur bilan yuribmiz, hali ham. 

Keyin inson o‘zi istagan joyda muvafaqqiyatga erishadi. Ming uni majburlamang, buyuk motivatorlar aytganidek, siz istagan natijangizga erisholmaysiz. Shunchaki uni “o‘ldirib" qo‘yishingiz mumkin. Unga yetarli sharoit yaratish yoki tinch qo‘yish kerak. Yana bir asosiy jihat bor. Biznikilar salla desa kalla bilan oladigan odati bor.

Konstitutsiyaning 37-moddasi, har bir shaxs erkin kasb tanlash huquqiga ega. Ertaga ijro vaqti Bosh qomusga yana tupurib qo‘yilmasligiga kim kafolat beradi? “Hey sen byudjetnik buyoqqa kel! O‘o‘o‘o‘o‘ falon chekka hududga borib, kambag‘allikka qarshi kurashasan", deyiladimi? Uning orzularichi? Hozircha bu taklif xolos. Ishqilib shundayligicha qolib ketsin.

Jurnalist Zafarbek Solijonovning telegram kanali