Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tashkil etiladi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarorni imzoladi. Xujjat matni «O‘zA»da keltirilgan. 

O‘nga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimining belgilangan shtatlar soni doirasida ushbu vazirlik tuzilmasida 14 ta shtat birligidan iborat Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tashkil etiladi.

Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari etib belgilandi:

-iqtidorli o‘quvchi yoshlarni aniqlash, ular faoliyatini ilmiy va uslubiy jihatdan ta’minlab borish, sohada ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va ular asosida ta’lim muassasalari uchun tavsiya va qo‘llanmalar ishlab chiqish;

-umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida mahalliy va xalqaro, shu jumladan, nodavlat fan olimpiadalarini tashkil etish, ularning xalqaro olimpiadalardagi ishtirokini ta’minlash;

-yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda olimpiadalar uchun doimiy yangi nazorat materiallarini ishlab chiqish;

-xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, olimlar, professor-o‘qituvchilar, xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda tayyorlash, ingliz tili va rus tili fanlaridan muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida maxsus kurslar tashkil etish;

-olimpiadalarda yuqori natijalarni qayd etgan iqtidorli o‘quvchilarning kelgusidagi faoliyatini monitoring qilib borish va qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish.

2019-2020 o‘quv yilidan boshlab asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida 1-3 o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalarigakirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Fanlar akademiyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oliy ta’lim muassasasiga qabul qilingan olimpiada g‘oliblariga ustoz-shogird tizimi asosida tegishli sohada yuqori natijalarga erishgan malakali mutaxassislar biriktiriladi.

Xalqaro olimpiadalar g‘oliblari va ularning o‘qituvchilari eng kam oylik ish haqining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

1-o‘rin (oltin medal) uchun – 500, o‘qituvchisiga –450 baravari;

2-o‘rin (kumush medal) uchun – 300, o‘qituvchisiga –250 baravari;

3-o‘rin (bronza medal) uchun – 200, o‘qituvchisiga –150 baravari;

b) asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblarining o‘qituvchilari eng kam oylik ish haqining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

1-o‘rin uchun – 50 baravari;

2-o‘rin uchun – 35 baravari;

3-o‘rin uchun – 30 baravari;

v)xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlariga navbatdagi o‘quv yili uchun direktor jamg‘armasidan oltin, kumush va bronza medallari bo‘yicha tegishincha qo‘shimcha 200, 175 va 150 foizlik ustama to‘lanadi;

g) ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan:

xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz;

asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lanadi;

d) oliy ta’lim muassasasini tamomlagan olimpiada g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan shakllantiriladigan istiqbolli mutaxassislar zaxirasiga kiritiladi.

6. Departament O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 4-11 sinf, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari uchunhar chorakda onlayn tarzda olimpiadalar tashkil qilish orqali iqtidorli o‘quvchilar zaxirasini shakllantirsin hamda zaxiraga kiritilgan yoshlar uchun Xalq ta’limi vazirligi veb-sayti orqali har oyda chuqurlashtirilgan nazorat materiallari, shu jumladan, test, yozma ishlar uchun masalalar yetkazib borilishini ta’minlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi sohadagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2019-yil 1-avgustga qadar barcha bosqichdagi olimpiadalar bo‘yicha ma’lumotlar, shu jumladan, olimpiadalar uchun tanlangan nazorat materiallari, iqtidorli o‘quvchilar zaxirasi, olimpiada ishtirokchilari, g‘oliblari, ularga biriktirilgan o‘qituvchilar hisobini yurituvchi axborot tizimini ishga tushiriladi.

 

Manba: xabar.uz