Bir necha oy muqaddam jizzaxlik abituriyent Davron Tursunov Davlat test markazini (DTM) sudga berib yutib chiqqani, uni talabalar safiga qabul qilish majburiyati yuklatilgan sud qarori qonuniy kuchga kirganiga qaramay, vaziyat o‘zgarmayotgani haqida maqola e’lon qilgandik. Sud qarorini ijro etish bilan bog‘liq jarayonlardagi muammolar, xususan, huquqiy bo‘shliqlar, boz ustiga o‘quv yilining yarmidan ko‘prog‘i o‘tib ketgani Davron Tursunovning Toshkent tibbiyot pediatriya instituti talabalari qatorida turishiga to‘g‘anoq bo‘layotgandi.
Nihoyat, masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yildi.
2019-yilning 4-iyul kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining (O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri — komissiya raisi hisoblanadi) 1-sonli bayoniga ko‘ra, Tursunov Davron Ulug‘bek o‘g‘lining o‘tgan yilgi qabul imtihonidan to‘plagan ballari bekor qilinib, uning test sinovlari bo‘yicha natijasi 139,5 ball deb hisoblansin, deya qaror qabul qilindi. Bu bilan abituriyent Davron Tursunovga, istisno tariqasida, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Toshkent pediatriya tibbiyot isntitutining 5510108 — Davolash ishi (Jizzax) ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha davlat garanti asosida o‘qishga kirish huquqi berilmoqda.
Shunday qilib, Davron Tursunov endi talaba!
To‘g‘ri, u davlat test markazining xatosi sabab bir yil vaqt yo‘qotdi. Biroq nolishga ko‘pam asos yo‘qdek. Negaki, agar DTM o‘tgan yiliyoq xatosini tan olib, uni talabalar safiga qabul qilgandayam to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishi mumkin edi. Endi u yangi o‘quv yilidan davlat garanti asosida tahsil oladigan bo‘ldi. Qolaversa, boy berilgan vaqti uchun javobgarlardan moddiy-ma’naviy zararlarni undirib olishi imkoniyati yo‘q emas. Bu imkoniyatdan D.Tursunov foydalanadimi-yo‘qmi — ixtiyor o‘zida.
Talabalik muborak, Davronbek.
Manba: xabar.uz