DTM tomonidan texnik xatoga yo‘l qo‘yilgan test savoli uchun maksimal ball beriladi


Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i Diyorbek Qo‘chqorov ishtirokida navbatdagi brifing bo‘lib o‘tdi. Unda 10 avgust kuni bo‘lib o‘tgan test sinovi natijalari taqdim etildi. Bu haqda agentlik xabarida aytiladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 12 avgust kuni respublika bo‘ylab 43 ta binoda test sinovlari ikki smenada bo‘lib o‘tgan. Jami 53 ming 162 nafar ishtirok etishi belgilangan abituriyentlardan 51 ming 667 nafari test sinovlariga kelgan. 1464 nafari esa turli sabablarga ko‘ra ishtirok etmagan. Shu kuni 11 nafar abituriyent hududga kirishda, 20 nafari esa binoda qoidani buzganligi uchun test sinovlaridan chetlatilgan.

10 avgust kuni bakalavr ta'lim yo‘nalishining kunduzgi shakli bo‘yicha Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining filologiya va tillarni o‘qitish fakulteti abituriyenti eng yuqori ball to‘plagan — 231,9 ball (173,9 ball test sinovlari natijasi, 58 ball kasbiy (ijodiy) imtihon natijasi); sirtqi ta'lim shakli bo‘yicha Farg‘ona davlat universitetining filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishi — 174,2 ball, kechki ta'lim shakli bo‘yicha Toshkent davlat sharqshunoslik institutining tarix ta'lim yo‘nalishida — 172,6 ball.

8 avgust kuni Surxondaryo viloyatida, 10 avgust kuni esa Sirdaryo va Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahrida test sinovlari yakunlangani ma'lum qilindi.

Diyorbek Qo‘chqorovning bildirishicha, DTM tomonidan texnik xatoga yo‘l qo‘yilgan test savoli uchun maksimal ball beriladi.