Test sinovlari 72 ta binoda o‘tkaziladi


Bilimni baholash agentligi xabariga ko‘ra, bir smenada 1 274 ta guruhda 38 220 nafar, bir kunda (ikki smenada) 2 548 ta guruhda 76 440 nafar abituriyent test sinovida ishtirok etadi.

Test sinovlari barcha hududlarda 1 avgust kuni boshlanib, hududlardagi abituriyentlar soni va binolar sig‘imidan kelib chiqqan holda 11 kundan 13 kungacha davom etadi.

Avvalroq 2023-2024-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga «Abituriyent ruxsatnomasi»ni berish boshlangandi.

Abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun «Abituriyent ruxsatnomasi»ni my.uzbmb.uz saytiga shaxsiy identifikatsiya raqami hamda pasport seriyasi va raqamini kiritgan holda olishi mumkin.

Abituriyentlar test sinoviga pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan belgilangan vaqtdan kechikmagan holda kelishlari lozim.

Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.