IIOga ishga kirish uchun topshiriladigan test javobini sotmoqchi bo‘lgan shaxs aniqlandi


Ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2023 yil 21 iyun kuni Namangan tumanida yashovchi fuqaro IIV ShXBB Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan.

Namangan viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, u o‘zini To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi M. deb tanishtirgan shaxs “Telegram" messenjeridagi profili orqali IIOga ishga kirish uchun topshiriladigan psixologik testlarning javoblari borligini, ushbu to‘g‘ri javoblarni 100.000 so‘mdan sotishini aytganini ma’lum qilib, unga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

IIV ShXBB Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan shu kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida arizada nomi keltirilgan shaxs test javoblarini berish evaziga o‘zining raqamli bank plastik kartasiga 100 000 so‘m pullarni qabul qilgani aniqlangan.

Ushbu holat bo‘yicha shahar IIO FMB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi bilan (firibgarlik ko‘p miqdorda; takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; xizmat mavqeyidan foydalangan holda; axborot tizimidan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.