2022 yilda OTMlarga kirish imtihonlari natijalari noodatiy tarzda o‘z vaqtida e’lon qilindi. Avvalgi yillarda mandat doim kechikardi. Majid Karimovning aytishicha, bunga 40 dan ortiq turdagi imtiyozlarning yetarlicha raqamlashtirilmagani sabab bo‘lgan. “Bu ish hozir ham oxiriga yetkazilmagan", dedi u.
Abituriyentlarning imtiyozlariga oid ma’lumotlar elektron bazaga kiritilgani sabab 2022 yilda bakalavriatga qabul natijalari o‘z vaqtida e’lon qilingan. Bu haqda Davlat test markazi direktori Majid Karimov ma’lum qildi.
“Mandat hamma uchun bir vaqtda tayyorlanadi. Abituriyentlar 3-5 ta yo‘nalishni tanlaydi, shuni hisobga olib, mandat javoblarini bir vaqtga qilmasak bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, bizda turli tashkilot, idoralar beradigan 40 dan ortiq imtiyozlar bor. Hammasi tugaganidan keyin, mana shu imtiyozlarning barchasini ko‘rib chiqish kerak. Ming afsuski, oldingi yillarda bularning ko‘pi elektron raqamlashtirilmagan edi. Mana hozir ham bu ish oxiriga yetkazilmagan. Agar imtiyozlarning hammasi elektronlashtirilib, bazada shakllantirilsa, bizda muammo bo‘lmaydi.
Ammo bazasi yakunlanmay, kimdir qolib ketgan bo‘lsa, tartibi bo‘lmasa, ko‘p ko‘rsatkichlar kiritilmagan bo‘lsa, bu holda muammo bo‘ladi. Muammoning oxiriga yetmaguncha, mandatni qilib bo‘lmaydi. Bitta odam kelib, qolib ketgani borasida DTMga shikoyat qilsa ham, biz mandatni qayta ko‘rib chiqishimizga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun imtiyoz beradigan tashkilotlar bilan qayta-qayta ishlaymiz, bunga esa juda ko‘p vaqt ketyapti", – dedi Karimov 30 avgust kungi matbuot anjumanida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu yil imtiyozlar masalasida texnik muammolar bo‘lmagani uchun ham mandat vaqtida e’lon qilingan.