Diagnostik test xizmati to‘xtatiladi


2022 yil yanvar oyidan abituriyentlarning bilimini sinovdan o‘tkazish, test materiallari bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lishi uchun Davlat test markazi OTMning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari formatidagi diagnostik test xizmatini yo‘lga qo‘ygandi. 

DTM xabariga ko‘ra, oliygohlarga kirish uchun o‘tkaziladigan test sinovlariga qisqa muddat qolgani sababli bu xizmat to‘xtatiladi. my.dtm.uz sayti orqali diagnostik test materiallariga buyurtmalarni qabul qilish 30 may kuni 10:00 da yakunlanadi.

Bunda e-DTM tizimi ishlashda davom etadi va talabgorlar @e_dtm_bot telegram boti orqali test materiallariga onlayn buyurtma berishlari mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, kirish imtihoni o‘tkazilayotgan yildan oldingi yillarda maktab, kollej, litseyni tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun BHMning yarim baravari (1-iyundan 150 ming so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi.

O‘qishni test o‘tkazilayotgan yili tugatgan bitiruvchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va mehribonlik uylari bolalari, bolalar shaharchasi bitiruvchilaridan bunday to‘lov undirilmaydi.

Prezident farmoniga ko‘ra, 2022 yildan to‘lov undirilmaydigan abituriyentlar toifasi yana ikkitaga ko‘paygan. Ya’ni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari, qolaversa, «Yoshlar daftari»ga kirgan yoshlar ham imtihon uchun pul to‘lashmaydi.