Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida mutlaqo yangi institut amaliyotga tatbiq etildi. Ya'ni, 2019 yil 18 may kuni parlament quyi palatasida ilk bor Vazirlar Mahkamasining 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2019 yil birinchi choragida bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi, deb yozadi Kun.uz.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jamshid Pirmatov bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri — o‘n birinchi sinf bitiruvchilarining keyingi taqdiri haqidagi savoli ko‘pchilikning e'tiborini tortdi.
— Mamlakatimizda ta'lim tizimini modernizatsiya qilish, uni qayta qurish, fan, texnika, texnologiya, iqtisodiyotning zamonaviy yutuqlari asosida ta'lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalariga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida qaralmoqda, — dedi deputat J.Pirmatov. — Bu soha Prezidentimiz tomonidan ham alohida nazoratga olingan barchamizga ma'lum. Davlat dasturi ijrosi tahlil shuni ko‘rsatmoqdaki, hisobot davrida ijtimoiy sohalarga Davlat budjeti xarajatlarining 54 foizi ajratilgan va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan xarajatlar o‘tgan yilga nisbatan 1,7 barobarga oshgan.
Bugungi kunda umumta'lim maktablarining ishlab chiqarish majmualarida o‘rgatiladigan kasb-hunarlar soni 51 tani tashkil qilib, kelgusida ularni 90 taga yetkazish belgilangan.
Davlat dasturining 211-bandida maqsadli kadrlar tayyorlash tizimini kengaytirish bo‘yicha bir qator vazirliklar mas'ulligida joriy yilning mart oyigacha normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish belgilangan edi. Ya'ni, 11-sinfni bitirgan o‘quvchilarning kasb-hunarli bo‘lishi uchun hammaga bir xil uch yillik kasbiy ta'lim tashkil etish emas, balki kasb va hunarning turidan kelib chiqib, kollejlarda o‘qish muddatini turlicha etib belgilash masalasi yuzasidan normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgandi. Ammo bu hujjatdan hozirgacha darak yo‘q.
Ushbu masalada prezident joriy yil fevral oyida Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida ham to‘xtalib, iqtisodiyotning o‘rta bo‘g‘in kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji asosida kadrlar tayyorlashning yangi tizimini yaratish bo‘yicha 1 aprelga qadar muhim topshiriqlar bergan edi.
Sanoqli kunlardan so‘ng respublikada o‘quvchilar ilk bor o‘n birinchi sinfni bitirishadi. Kollejlarda hali ham 6 oylik yoki 1 yillik yoxud 2 yillik ta'lim dasturlari joriy etilgani yo‘q. Bundan tashqari, qaysi kasb-hunar ta'lim muassasalari yopilishi yoki qisqartirilishi masalasi ham hal etilmagan.
Bugungi kunda bitiruvchi yoshlarning o‘rtacha 15 foizi oliy ta'lim bilan qamrab olinayotganini hisobga olinsa, maktab bitiruvchilarining endigi taqdiri nima bo‘ladi? O‘n birinchi sinfni bitirib, o‘qishga kirolmaganlar nima qiladi?
Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ushbu savolga javob qaytarar ekan, bu dolzarb masala ekani, Prezident Shavkat Mirziyoyev bitiruvchilarning oliy ta'limga qamrovini 20 foizga ko‘tarish bo‘yicha alohida topshiriq berganini ma'lum qildi.
— Maqsadimiz ushbu qamrov doirasini yaqin yillarda 30 foizgacha oshirishdir, — dedi A.Abduhakimov. — Albatta, qolgan yoshlarimiz taqdiriga ham befarqlik bilan qarashga hech kimning haqqi yo‘q. Chunki, o‘n birinchi sinfni tamomlab, o‘qishga kirolmagan yoshlarimizning qo‘lida shahodatnoma bo‘ladi, xolos. Biz ularga kasb-hunar o‘rgatishimiz, mehnat bozoriga tayyorlashimiz lozim.
Shu ma'noda, kasb-hunar kollejlari tizimi chuqur o‘rganib chiqildi. Joylarga chiqilgan holda, har bir kollej faoliyati, imkoniyatlari, oldingi yillardagi davomati, ta'lim sifati va yo‘nalishlari, mutaxassisliklar tahlil qilindi. Shu asosda Prezidentning tegishli qarori loyihasi tayyorlandi. Bildirilgan takliflar davlatimizga rahbariga havola qilindi va ma'qullandi.
Bevosita savolga qaytsak, hozirda professional ta'lim tizimi yo‘nalishida, avvalambor, 386 ta kollej saqlab qolinadi. Shulardan 336 ta kollej boshlang‘ich professional ta'lim darajasida ko‘p tarmoqli professional maktab maqomida bo‘ladi. Ular asosan qishloq joylarda bo‘lib, haqiqatda ham ehtiyoj mavjud mutaxassisliklar, deylik, agronomlik, mexanizatorlik kabilar o‘rgatiladi. Ushbu mutaxassisliklarni egallagan yoshlar mehnat bozorida o‘z o‘rnini albatta topadi.
Kollejlardan 413 tasi esa, o‘rta professional ta'lim darajasidagi idora va klasterlarga berildi. Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, bu kollejlar yirik korxonalarga biriktirilib, klaster sifatida u yerda bevosita ishlab chiqarish bilan bog‘langan holda yoshlarga ta'lim beriladi.
Yana bir yangilik shuki, tizimda yangi tuzilma tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda: 32 ta kollej o‘rta maxsus professional ta'limning oliy maktablariga aylantiriladi.
Umuman olganda, mazkur qaror bilan xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan o‘rta maxsus professional ta'lim tizimi yaratiladi. Bundan tashqari, 58 ta kollej Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ixtiyoriga berilib, kasb-hunarga o‘qitish markazlariga aylantiriladi. Yoshlarning oliy ta'limga qamrovini kengaytirish maqsadini ro‘yobga chiqarish uchun 104 ta kollej oliy ta'lim muassasalari ehtiyoji yo‘lida ular ixtiyoriga beriladi.
Umuman, Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, olti oydan ikki yilgacha tegishli kurslar tashkil etilgan".
Bosh vazir o‘rinbosari javobidan anglashiladiki, 11 sinf bitiruvchilari oliy o‘quv yurtlariga kirolmagan taqdirda ham, ana shunday ta'lim muassasalari — kasb-hunar kollejlari, kurslarda o‘qib, hunarli bo‘lib, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish imkoniga egadir, deyiladi xabarda.