Variantli testlar bilan haqiqiy bilim darajasini aniqlab bo‘ladimi?


O‘zbekistonda saralash imtihonlarida eng ko‘p ishlatiladigan variantli testlar talabgorlar bilimini aniqlab berishda qay darajada samarali ekani haqida PISA xalqaro tadqiqoti asoschisi Andreas Shlyayxerdan javob olindi. 

O‘zbekistonda aksar holatlarda bilim darajasini aniqlab beruvchi katta sinovlar: OTMlarga kirish imtihonlari, o‘qituvchilar uchun attestatsiyalar variantli test ko‘rinishida o‘tkaziladi. Bu sinaluvchining haqiqiy potensialini aniqlab berish uchun yetarlimi? Jurnalist o‘tgan oy O‘zbekistonga tashrif buyurgan PISA xalqaro tadqiqoti asoschisi Andreas Shlyayxerdan bu savolga javob oldi.

“Ko‘p tanlovli testlar juda samarali: siz qisqa vaqt ichida juda ko‘p savollar berishingiz mumkin va baholash ham oson. Lekin ular ko‘pincha salohiyatni namoyon qila olmaydi. Variantli testlar siz haqiqatda ko‘rmoqchi bo‘lgan fikrlash va mulohaza yuritish qobiliyatlarini aniqlab berolmaydi. Lekin agar siz to‘g‘ri javob olishni istasangiz, buni qo‘llashingiz mumkin.

Agar siz talabgorni haqiqatan baholashni istasangiz, ijodiy fikrlay olishi, bu bilimlarni hayotda qo‘llay olishini isbotlovchi vazifalarni berishingiz kerak. Va shuning uchun, sifatli baholash bir qator vazifalarni o‘z ichiga oladi", dedi Andreas Shlyayxer.

PISA asoschisining qayd etishicha, bilimni sinayotganda variantli testlar biror maqsadga va natijaga olib borishi mumkin. Ammo haqiqatan ham yuqori samaradorlikka erishish uchun yanada ilg‘or baholash usullarini ko‘rib chiqish kerak. Bugungi kunda texnologiya buning uchun juda ko‘p imkoniyatlarni ochib beradi.

Agar PISA testlari misol qilinsa, tadqiqotda o‘quvchilardan ma’lum bilimlarni eslab qolganini so‘rashdan ko‘ra ularga bu bilimlar orqali olgan tajribalarini virtual laboratoriyada qo‘llab ko‘rishga ruxsat beriladi.

“Shuning uchun menimcha, texnologiya baholashni yanada realroq qilishi va ishonchlilikka ko‘proq e’tibor berishi lozim. Men bu yo‘lning kelajagiga ishonaman. Albatta, har doim bahsli vaziyatlar bo‘ladi. Samaradorlik bilan haqiqiylikni muvozanatlashtirish kerak bo‘ladi.

Ba’zi murakkab testlar balandroq ball berishni talab qiladi, ba’zida ijodiy fikrlash qobiliyatlarini baholashda noaniqlik mavjud holatlar bo‘ladi. Shuning uchun biz bu noaniqlik bilan yashashni o‘rganishimiz va baholashni yanada realroq qilishga harakat qilishimiz kerak. Kelajakda esa baholash o‘quv jarayoniga ko‘proq integratsiyalashib boraverishi kerak", dedi Andreas Shlyaxer.

Davlat test markazi direktori Majid Karimov o‘tgan yili bergan intervyusida O‘zbekistonda OTMlarga testlar orqali abituriyentlarni saralash vaqtinchalik ekani, bora-bora bu tizim o‘zgarishi mumkinligi haqida fikr bildirgandi.

“Testni har bir baholanuvchining bilimini aniqlab berishning eng yaxshi usuli deb ham ayta olmayman. Hozirgi vaqtda test – bizda o‘quvchilarning soni ko‘pligi sababli ularni qisqa vaqtda AKT orqali saralash uchun vosita. Lekin agar vaziyat yaxshi bo‘lib tursa, OTMlarning o‘zi o‘quvchilarning attestatidagi bahosiga qarab abituriyentlarni saralab olishi mumkin bo‘ladi", degandi Majid Karimov.

Eslatib o‘tamiz, PISA 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholashga yo‘naltirilgan xalqaro tadqiqot bo‘lib, unda 90 ga yaqin davlatlar ishtirok etadi. O‘zbekiston joriy yil bu nufuzli xalqaro tadqiqotlarda ilk bor ishtirok etmoqda.

PISA tadqiqotlari har bir mamlakatga o‘zining kuchli va zaif tomonlarini dunyo ta’lim tizimi bilan qiyoslash imkonini beradi. Shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb etadi, ya’ni investorlar mamlakatda bilimli, malakali kadrlar bormi, degan savolga bu tadqiqot natijalari orqali javob topadi.