Prezident maktabiga kirish imtihoni javoblari qachon eʼlon qilinadi?


So‘nggi paytlarda prezident maktabi imtihon natijalari bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushmoqda. Ulardan eng ko‘p so‘ralgan savollarga Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi javob berdi.

Savol: Prezident maktabiga kirish imtihoni javoblari qachon eʼlon qilinadi?

Javob: Kirish imtihoni natijalari Cambridge Assessment tashkiloti tomonidan 16-sentyabrgacha eʼlon qilinishi ko‘zda tutilgan.


Savol: Prezident maktabi imtihon natijalari eʼlon qilingunga qadar farzandim o‘zi tahsil olgan maktabda o‘qib tursa bo‘ladimi?

Javob: Ha. Prezident maktablari natijalari chiqqunga qadar har bir o‘quvchi o‘zi tahsil olgan maktabida o‘qishni davom ettirishi mumkin. Prezident maktablarida o‘qish taxminan oktyabr oyidan boshlanishi rejalashtirilmoqda.


Savol: Farzandim prezident taʼlim muassasalari tizimidagi ixtisoslashtirilgan va prezident maktabga imtihon topshirgan edi. Ixtisoslashtirilgan maktabga o‘qishga kirdi. Hozir ushbu maktabda o‘qishni boshlab, keyin prezident maktabi imtihon natijalariga ko‘ra, o‘qishini o‘tkazsa bo‘ladimi?

Javob: Agar o‘quvchi Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktabga qabul qilingan bo‘lsa va prezident maktabi imtihoni natijalari eʼlon qilingandan so‘ng, ushbu o‘quvchining prezident maktabi imtihonidan ham o‘tganligi maʼlum bo‘lsa, bu o‘quvchi o‘qishini ko‘chirib, taʼlimni prezident maktabida davom ettirish imkoniyatiga ega.