Abduqodir Toshqulov - mafkuralashgan ta’lim, ro‘mol bo‘yicha noqonuniy talab va yotoqxonalar muammosi haqida


16 iyun kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov ishtirokida OTMlarga tasdiqlangan qabul kvotalari masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbir yakunida vazir jurnalistlarning sohaga oid boshqa qator savollariga ham javob berdi.

Universitetlarning bugun 2 asosiy vazifasi bor. Birinchisi – darsliklar chiqarish va xalqni savodli qilishga hissa qo‘shish.

Ikkinchisi – sifatli kadrlar tayyorlash va ularning g‘oyalarini xorijga sotish orqali mamlakat rivojlanishiga hissa qo‘shish. Xo‘sh, siz vazir bo‘lib kelgandan buyon o‘zbek OTMlarida qilingan qanday g‘oyalar xorijga sotildi?

— Bizning eng katta yutuqlarimizdan biri – hozir O‘zbekistonda ochilgan xorijiy va xususiy oliy ta’lim muassasalari bilan davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida raqobat vujudga kelgani.

Men bu savolingizga davlat oliy ta’lim muassasalaridan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini misol qilib keltiraman. Hozir u yerda London universitetining qo‘shma dasturlari ochildi, shuningdek, “Pirson"ning e’tiroflari bo‘lyapti.

Yuridik universitetda, irrigatsiyada natijalar juda katta. Hududlarga kelsak, Samarqand va Urganch davlat universitetida bo‘layotgan ishlar tahsinga loyiq. Umuman, harakat qilmayotgan universitet yo‘q. Faqat ko‘p yillik muammolar yig‘ilib qolgan. Bilasizmi, buni nimaga o‘xshataman? Deylik, biror surunkali, masalan, qand kasali bor bemor shifokorga olib borilsa, avval uning qand miqdori pasaytiriladi va keyin muolaja qilinadi.

Bugungi qabullar misolida ham oliy ta’limga dog‘ bo‘lgan korrupsiya va tanish-bilishchilik holatlarini o‘ylashimcha, yuz foiz hal qilib oldik. Taraqqiyot bo‘lishi uchun bular bo‘lmasligi kerak edi.

O‘tgan yili prezidentimiz rektorlarning ko‘plab muammolarini eshitdi va ularni hal qilish bo‘yicha barcha sharoitni yaratib berdi. Endi taraqqiyot katta bosqichda bo‘ladi.

Bir misol, yaqinda Milliy universitetda talabalar bilan uchrasharkanman, ular menga nega o‘qituvchilar chet elga boradi-yu, biz bormaymiz, deya savol berdi.

Biz shu joyda qaror qabul qildikki, endi rektor, prorektor, kafedra mudiri chet elga borsa, o‘zi bilan kamida besh nafar talabani olib ketishi kerak.

Talabalar juda bilimli, ular yonyapti. Qaytaraman, ishlamayotgan OTM yo‘q, ishlamayotgan rektor bor.

Bugungi o‘zbek ta’lim tizimi nihoyatda mafkuralashgan. Bu o‘quv rejalari, darslik, hatto talabalarning referati, kurs va diplom ishlarini yozishida ham ko‘rinadi.


Xo‘sh, oliy ta’limni qanday qilib mafkuradan xoli qilish, uni pragmatik, talabalar uchun kerakli va foydali tizimga aylantirish mumkin?

— E’tibor bergan bo‘lsangiz, men birinchi chiqishlarimdayoq talabalarga forma masalasida erkinlik beramiz, deya gapirgandim. Ikkinchidan, o‘ylashimcha, hozirgi talaba kechagi talaba emas. Uning telegrami Qalampir.uz’ga ham Kun.uz’ga ham ulangan. Bu tarmoqlar esa ularni bir qobiqda o‘tirishga qo‘ymaydi.

Hozir ular o‘z haqqini talab qilyapti. Hozir vazir hamma narsani ochiqlayapti.

Ha, eski mafkuraning ba’zi jihatlari bizga ham o‘rnashib qolgan ekan. Universitetlarga borganda, ba’zi talabalarning o‘tirgan joyida va xohlagan savolini berayotganini ko‘rib, eh, shu ta’zirini berib qo‘yadigan talab ekan-da, deb qo‘yaman. Bir xuruj qilib qoladi-da bizdayam. Hozir talabaning o‘zi mafkuralashtirishga qo‘ymayapti.

Biz ta’limda vatanga muhabbatni singdiradigan haqiqiy raqam, haqiqiy mafkuradan foydalanishimiz kerak. Masalan, talabaga: birodar, 2030 yilga borib, muhtaram prezidentimiz O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning jon boshiga taqsimotini 2 ming dollardan 4 ming dollarga ko‘taradilar, deyishimiz kerak. Mafkuraning bittasi shu bo‘lishi kerak.

Albatta, hamma mafkurani ham pulga bog‘lab qo‘ymoqchi emasman. Lekin yalpi ichki mahsulot ikki barobarga oshsa, yashash ham ikki barobarga ko‘tariladi, ta’lim sifati ham. Mana shunday misollar bilan singdirish kerak vatanga muhabbatni.


Kun.uz:

Avvalroq pandemiya vaqtida qo‘shni davlatlardan o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishda muammoga duch kelgan va barcha hujjatlari bor talabalarning muammosi so‘zsiz hal bo‘lishiga va’da bergandingiz. Birgina Andijon viloyatidagi o‘nlab holatlar misolida bu va’dangiz bajarilmadi...

— Bizda yaxshigina ishlaydigan sud organi bor va huquqni talab qilish tizimi yaratilgan. Demak, uning o‘qishida nimadir muammo bo‘lgan. Eski joyda akademik qarzdorligi bo‘lgan bo‘lsa yoki shakllar to‘g‘ri kelmagan bo‘lsa, o‘tolmagandir.

Bunday qolib ketishi mumkin emas. Qonunchilik yo‘l qo‘ymaydi.

Bir holat bo‘ldi: to‘rt yil o‘qigan talaba diplom ololmayapti. Chunki unda kirish buyrug‘i bo‘lmagan. Sud uning huquqini tiklab berib, mas’ullarni javobgar qildi. Shuning uchun bizda ustunlik doim talabaga berilgan.

Sud tartibida nega ko‘rmagan u?

Talabani qoldirishdan manfaat yo‘q.

Masalan, Ukrainadagi voqealar asnosida, o‘sha mamlakatda o‘qiyotgan talabalarning o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishga ruhsat berildi. Ming afsuski, bu jarayonda ham turli firmalar paydo bo‘ldi va biz kutgan 400 nafar atrofidagi talabalar soni 3 ming nafardan ko‘payib ketdi. Tekshirtirdik, ular Ukrainaga bormagan, o‘qimagan, qalbaki hujjatlar. Boshqarma boshliqlarimga ko‘tartiraman bu masalani.


Qalampir.uz:

Oliy ta’limda talabalarning o‘z joniga qasd qilish holatlari vazir nazoratidami?

— Vazirning o‘zi farzand katta qilyapti. Shu tadbirga kelguncha ham hozir viloyatda bo‘lgan bolalarim bilan gaplashib oldim.

Qanday qilib yuragim achimasinki, bir talaba o‘z joniga qasd qilsa. Bu – jamiyatning muammosi. Biz hayotning qadrini yoshlarga tushuntirib berolmayapmiz.

Hayot – insonga berilgan eng katta ne’mat. Bu uchun javob bor. Ustozlarimiz tana ruhingga ulov qilib berilgan, deyishardi. Bolaga shularni tushuntirishimiz kerak.


Daryo.uz:

Andijonda ro‘mol o‘ragan qizlarning universitet imtihonlariga kiritilmayotgani ko‘pchilikning noroziliklariga sabab bo‘ldi. Vazir sifatida bunga qanday fikr bildirasiz?

— Bilasizmi, oliy ta’lim tizimida aynan shu savolga javob berishga qiynalaman. Chunki bunaqa cheklov yo‘q-da. Lekin har bir OTMning o‘z maxsus formalari bor. Lekin shu “dress code"da “ro‘mol o‘ramasin" – degan joyi yo‘q. Faqat ko‘rinish, shakl yoki boshqa narsalarda har bir oliygohda ... shunday bo‘lishi mumkin.

Oliy ta’lim – bu maktab emas. U yerda 18 yoshdan kattalar tahsil oladi. Bu – “o‘shalar"ning (universitetdagilarning) qilgan noto‘g‘ri ishi. “Bunday bo‘lmasin, o‘shanaqa bo‘lsin"... Hammasi mustaqil OTM hisoblanadi. Yoshi nuqtai nazaridan ham ular pulini to‘lab o‘qiyapti, huquqlari ancha ustuvor.

Bilasizmi, bu – o‘qituvchilarning, o‘sha mafkurada sug‘orilib ishlaganlarning ishi. Bunga o‘xshagan jarayonlarni boshqacha talqin qilib, topshiriqdek talqin qilib o‘zicha… Tushuntiroldim fikrimni, menimcha.


Qalampir.uz:

Ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalaringizda OTMlarning yotoqxonalariga borganingizni ko‘rib qolamiz. U yerda kimdir borsa, yangi qozon, yangi choynaklar qo‘yib qo‘yish kabi ko‘zbo‘yamachiliklar bormi haliyam?

— Men savolingizga javob beraman va uni tarmoqlarda bering. Talabalar shaharchasida 1992 yildan buyog‘iga konservatsiya bo‘lib foydalanilmayotgan ikkita sobiq talabalar turar joyi turgan. Konservatsiya degani foydalanilmagan. Bir burchakka talabalar shaharchasi hokimligi joylashgan. O‘ylab ko‘ring, mingta talaba joylashishi mumkin bo‘lgan joy qariyb 30 yil, ya’ni 25 yil talaba yashamagan u yerda. Shuning uchun shuncha vaqt ular qiynalib yurgan. Eng qizig‘i, men u yerdan o‘tib qaytaman, men ham ko‘rmaganman buni, mening aybim. “Nega bu yerda odam turmayapti?" – deganimda, bu juda katta kapital rekonstruksiya bo‘lishi kerak, investitsiya dasturiga kiritilgan, shundan keyin hal bo‘ladi, deyishgan.

Keyinroq Bosh vazirimiz talabalar shaharchasini aylanganida, shu ahvolni ko‘rib, hammamizni yig‘ib, to‘g‘rilash uchun bir oy vaqt berdi. Vazirlik fondidan, bosh vazirimiz ham pul berdilar, OTMning o‘z mablag‘i bilan 1 oyda ming o‘rinli talabalar turar joyi qilindi.

Endi o‘ylab ko‘ring, 30 yil shu yerda hech kim turmagan. Shu yerga keyin talabalar joylashtirildi. Berilgan topshirig‘imiz ado etildimikan deb, hech kimga hech narsani aytmasdan kirdim va aylandim. U yerga talabalar yangidan kelgan-ku, 2 hafta bo‘lgan kelganiga va o‘ziga qozon, choynak sotib olgan-da, yangi jihozni qo‘ygan. Yordamchimiz shu rasmni qo‘ygan. Menimcha matbuot xizmati rahbari yo‘q edi, bu lavozim vakant edi. Men qaramagan narsani, rostdan ham ular ko‘ribdi, “mana uyushtirilgan…".

Men bir narsani aytaman sizga, yoshlikdan shunday tarbiya olganmiz, ya’ni soxtakorlik bor joyda men yo‘qman. Soxtalik bilan kasb egallanadigan bo‘lsa, soxtalik bilan lavozimga o‘tirish kerak bo‘lsa, yaxshisi boshqa ish tanlab, ko‘proq uyda o‘tiradigan, ilm bilan band bo‘lib odamlarga foydasi tegadigan ishni qilish kerak. Bugun xalqning oldiga chiqib, bir tizimning xizmatiga mas’ul bo‘ldikmi, “Yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘lgin".

Bugun juda ko‘plab muammoni men ochiqladim. Hamma ham bunday chiqib, o‘zining tizimidagi muammolarni dasturxon qilmasa kerak. Nimaga? Xalq bilgan narsaning yana nimasini yashiray men? Kecha ham aytgandim, pul bilan o‘qishga kirishni, pul bilan baho olishni ham, umuman, hamma adolatsizlikni biz bezbetlarcha xalqning oldida qildik. Mana endi 5-6 yildan beri har yili isloh bo‘lyapti…

Lekin men aminman, bu o‘quv yiligacha yaratilgan sharoitlar bilan men o‘zimning tizimimga javob beraman. Tizimli masala qolmadi, buyog‘iga ham qattiq kurashamiz. Bu 30 ming nafar magistr nima uchun kurashyapti? Vaqtida 5-6 mingta o‘qir edi butun respublika bo‘yicha, nega? Shunday misollarim bor, chiqib ko‘z yosh qilasiz.

Misol uchun, bir oliygohning rektori bo‘shayman deb kelyapti-da, men masalan bo‘shayotgan farrosh bilan ham suhbat qilaman-da, nima uchun u ishdan ketmoqchi, balki, pastdan unga tazyiq bo‘layotgandir. Ma’lum bir muddatdan keyin chaqirib, ular bilan suhbat qilsak, “doktorskiy"ni Germaniyada qilgan, bakalavrni boshqa bir davlatda, malaka Yaponiyada. Juda yetuk kadr. Bu yerdagi muhitga sig‘madi u inson, xorijiy davlat bilan shartnoma qilganlar, ketyaptilar. Shunda men aytdim:" qoling, sizni o‘zimga maslahatchi qilib olaman, bizdagi muhit siz aytgandek", – desam, shundayin o‘tkir ekanlarki, lafz qilgan ekanlar.

Menga eng alam qiladigani – men borib, ishlaydigan davlatdagi oyligim bu yerdagidan kam dedi-da. OTMning prorektori hozir g‘ayrat qilib ishlasa, 1 500 dollar bemalol olishi mumkin. Shunaqa bo‘lsa-da, shundan kam oylik uchun chetga chiqib, malakamni qilib kelay, deyaptilar. Biz bunday kadrni 10 ming dollar to‘lab, chetdan olib kelishimiz mumkin.

Shuning uchun men tizimimizni faqatgina oqlashdan yiroqdaman. Jamoa shu odamni sig‘dirmadi. Endi ularga ko‘mak berib, ishlatishimiz mumkin bu kabi insonlarni.


Kun.uz:

Bizga va’da qilingan intervyuni qachon berasiz?

— 2 hafta ichida beraman.