Prezident maktabiga kirgan Ayjamal oilaviy sharoit sabab o‘qimoqchi emas edi, ammo...


Qoraqalpog‘istonlik Ayjamal Sakbergonova taqdiri qiziq. U yolg‘iz onasi turmush tashvishlaridan ortib, uni o‘qishga yubormasligini bilardi. Chunki u kichik ukasiga qarashi kerak edi. Ammo bilim o‘z kuchini ko‘rsatib Ayjamal yuqori natijaga erishdi. 

«Nukus shahridagi Prezident maktabiga 2-o‘rin bilan o‘qishga qabul qilingan Ayjamal esingizda bo‘lsa kerak?

Uning o‘qishga kirgani lekin oilaviy sharoit sabab onasi Nukusga yuborishni istamayotgani haqida agentlik sahifalarida xabar bergandik. Bu jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Eng qizig‘i, Ayjamalning onasi qizini imtihonga yuborayotganda «testning bir-ikkitasini xato yechgin», deb tayinlab yuborgan. Iqtidorli qizaloq onasi aytgandek qiladi. Lekin bilimi kuchliligi sabab, Prezident maktabiga 2-o‘rin bilan o‘qishga qabul qilinadi!

Ayjamalning voqeasini eshitishim bilanoq, «u kabi iqtidorlilar albatta Prezident maktabida o‘qishi kerak, uning onasini ko‘ndirishimiz lozim», degan fikr xayolimdan o‘tdi.

O‘sha kunlari Samarqand, Navoiy va Andijon viloyatlaridagi maktablarning ochilish tadbirlarida ishtirok etishim rejalashtirilganligi sababli, Qoraqalpog‘istonga xizmat safariga yuborilayotgan Agentlik xodimlariga topshiriq berdim...

Natija biz kutganimizdek — ijobiy!

Ayjamalning o‘qituvchisi va onasining fikrlari hamda voqealar rivoji bilan maxsus tayyorlangan videoroligimiz orqali tanishishingiz mumkin.

O‘quvchimizning o‘qishiga, kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar tilayman. Umid qilamanki, u mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan, yurtimizga munosib farzand bo‘lib yetishadi. Omad yor bo‘lsin, Ayjamal!», deb yozadi o‘zining Facebook sahifasida Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova.

Eng muhimi, alal oqibat Ayjamal Prezident maktabida o‘qiydigan bo‘ldi. Hilola Umarova telegram kanalida e’lon qilingan videodan ko‘rish mumkinki, masala ijobiy hal qilingan.