Vazirlar Mahkamasining «Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi bolalar oromgohi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 65-son qarori qabul qilindi.
Hujjatga asosan «O‘zmetkombinat» AJning Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan «Yoshlik» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufiga beg‘araz o‘tkazilgan.
Kelgusi 10 yil davomida oromgohni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar «O‘zmetkombinat» AJ tomonidan ajratiladigan homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi. «Yoshlik» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi negizida «Renessans» sog‘lomlashtirish oromgohi tashkil etiladi.
Quyidagilar Oromgoh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
- bolalarni sog‘lomlashtirish, ularni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish, jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish;
- yoshlarning IT, STEAM (ilm-fan, texnologiya, muhandislik, san’at, matematika), biznes boshqaruvi, ijod sohalaridagi iqtidorini rivojlantirish;
- yoshlarni tadbirkorlikka o‘rgatish, tashabbuslar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash;
- imkoniyati cheklangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash;
- iqtidorli yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish va ular bilan tizimli ishlash mexanizmlarini joriy etish.
Oromgoh yil davomida faoliyat yuritadi, unda iqtidorli bolalar dam oladi va o‘qitiladi.
Quyidagilar Oromgoh faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:
- «O‘zmetkombinat» AJ tomonidan ajratiladigan homiylik xayriyalari;
- Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘lari;
- startap loyihalarni va xizmatlarni amalga oshirishdan olinadigan daromadlar;
- yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
- xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining grantlari.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.02.2022 yildan kuchga kirdi.