«Abituriyentlar keyingi o‘quv yilida tushishi kutilayotgan test namunalarini yechib, o‘z bilimlarini sinab ko‘rishdi» — DTM aprobatsiya haqida


Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat test markazi mutasaddilari ishtirokida “Jamoatchilik, jumladan, abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun test topshiriqlari (savollari)ning ochiqligini ta’minlash" mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xabar bermoqda.

DTM Axborot xizmati rahbari Orziqul Boboyevning ma’lum qilishicha, keyingi o‘quv yilida fanlar majmuining 1-bo‘limida ishlatilishi kutilayotgan test topshiriqlari 1-bosqich onlayn aprobatsiyadan o‘tkazilgan. Ushbu doirada xohlaganlarga Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali majburiy fanlar bo‘yicha test topshiriqlari namunalarini olish va aprobatsiyada ishtirok etish, bu orqali o‘z bilimlarini sinab ko‘rish imkoniyati yaratilgan. Mazkur xizmat DTM rasmiy veb-saytida ishga tushirilgan.

«Talabgorlarga ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test topshiriqlari berildi, — dedi Orziqul Boboyev. — Saytga o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarining har biridan 2 tadan variant joylashtirildi. Onlayn aprobatsiya 10 kun davom etdi. Bu muddatda talabgorlar internet orqali istalgan joydan mazkur saytga kirgan holda, test savollari bilan tanishdilar va o‘z bilimlarini sinab ko‘rdilar».

Brifingda abituriyentlar e’tiboriga tavsiya etilgan darsliklar ro‘yxati taqdim etilgani ta’kidlandi.

«2019-2020 o‘quv yilida umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida qo‘llanilayotgan darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar ro‘yxati Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilindi», — dedi DTM bo‘lim boshlig‘i Farhod Mirzayev.

Darsliklar ro‘yxati bilan dtm.uz/info/textbooks manzili orqali tegishli fan va tilni tanlagan holda tanishish mumkin.