O‘zbekistonda 2021 yilda 10 ta oliy ta’lim muassasasida 117 nafar talabaning Davlat test markazi ma’lumotnomasidagi ballarini soxtalashtirish orqali ularni "super-kontrakt" summalarining miqdori jami 9,6 mlrd. so‘mga kam hisoblangan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev Telegram’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
Avval xabar berganimizdek, bugun, 14 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Hisob palatasining 2021 yildagi faoliyati bo‘yicha hisoboti eshitilgan. Ushbu hisobotda deputat Doniyor G‘aniyevning e’tiborini super-kontarkt masalasi tortgan. U bu haqda shunday yozadi:
“Hisob palatasi tomonidan oliy ta’lim muassalariga ko‘shimcha tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida (xalq tilida "super-kontrakt") o‘qishga qabul qilingan talabalarning xujjatlari o‘rganilganda, 10 ta oliy ta’lim muassasasida 117 nafar talabaning (bu faqat aniqlangani, aniqlanmagani qancha xudo biladi) Davlat test markazi ma’lumotnomasidagi ballarini soxtalashtirish orqali ularni "super-kontrakt" summalarining miqdori jami 9,6 mlrd so‘mga kam hisoblangan.
Misol uchun, Toshkent tibbiyot akademiyasida 2020-2021 o‘quv yilida fuqaro F.B. kirish imtihonida aslida atiga 56,6 ball olgan bo‘lsada, uning to‘plagan bali 132,7 ball etib ko‘rsatilgan hamda undan 279,4 mln o‘rniga 139,7 mln so‘m to‘lov-kontrak puli (139,7 mln so‘m kam) olingan.
Oddiy qilib aytganda, oliy ta’lim muassasalariga kirishda aynan korrupsiyani oldini olish maqsadida joriy qilingan "super-kontrakt" tizimining o‘zida ham korrupsiya holatlari aniqlangan. Yani, korrupsiyaga qarshi kurashish orqali ham "soqqa" qilish yo‘lini o‘ylab topishgan. Qoyil qolmay iloji yo‘q.
Hisobotda keltirilishicha, kelgusida bunday holatlar takrorlanishini oldini olish maqsadida, 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qimoqchi bo‘lganlar uchun onlayn platforma yaratilib, arizalar avtomatik tarzda qabul qilinishi va shartnomalar summasini inson omilining aralashuvisiz hisoblanishi yo‘lga qo‘yilgan".